So‘nggi besh yil davomida yurtimizda xususiy mulk ustuvorligini ta’minlash va uning huquqiy muhofazasini kuchaytirishga oid bir qator qonunlar qabul qilindi.
Eng muhimi, «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan hamda Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi sifatida «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» qabul qilindi. Unda mamlakatda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Buning uchun bir nechta zarur maqsadlar nazarda tutildi.
Xususan, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash maqsadi belgilangan bo‘lib, ushbu maqsadga xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, xususan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish shular jumlasidandir.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston uchun muhim siyosiy hujjat, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiya loyihasidagi hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.
Bunday norma kelajakda aholining turmush farovonligini oshirish, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida fuqarolarning mulki bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash bilan bog‘liq normalarni Konstitutsiya orqali mustahkamlash zarur.
Shu o‘rinda xorijiy tajribaga ham to‘xtaladigan bo‘lsak, tarixda xususiy mulk kafolatlarini belgilab bergan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi hujjat Fransiyaning 1789 yildagi Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari deklaratsiyasi bo‘lib, unda xususiy mulk insonning tabiiy va ajralmas, muqaddas va daxlsiz huquqi sifatida ko‘rsatilgan.
Germaniya konstitutsiyasining I-bob, 14-moddasida mulk va meros huquqlari kafolatlanishi, ularning mazmuni va chegaralari qonunlar bilan belgilanishi qayd etilgan. Daniya asosiy qonunining VIII-bob, 73-moddasida esa, xususiy mulk daxlsiz ekanligi, hech kim o‘z mulkidan voz kechishga majburlanishi mumkin emasligi, faqat jamoatchilik foydasi uchun talab qiladigan holatlar bundan mustasnoligi belgilab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, turli tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini himoya qilish kafolatini yanada kuchaytirish, bu – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir.
Avazbek XOLBEKOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
10 04 2023 / 13:19