Ma’lumki, tadbirkorlik faoliyati bu – tadbirkorlar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyati hisoblanadi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyatiga qulay biznes muhitini yaratishga qaratilgan islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan islohotlar va qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani natijasida har yili o‘rtacha 100 mingga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilmoqda va hozirda ularning soni 650 mingdan ortiq.
Xorijiy investorlar ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch bildirib, o‘z investitsiyalari bilan iqtisodiyotning rivojlanishida ishtirok etmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 3 baravar oshib, 14 mingdan ziyodni tashkil etdi.
Tadbirkorlik faoliyatining fundamental va hal qiluvchi asoslari, ya’ni mulk himoyasi va erkinlik kafolatlari yangilanayotgan Konstitutsiyada oliy huquqiy kuch darajasiga ko‘tarilmoqda. Oddiy aytganda, tadbirkorlik faoliyatining tamal toshlari hisoblangan mulk va erkinlik bevosita Konstitutsiya himoyasiga olinmoqda.
– Mamlakatimizda tadbirkorlarga qulay sharoit yaratilgani bois, ishlab chiqarish hajmi oshmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. – Jumladan, O‘zbekistonda qurilish sohasi oxirgi 25 yilda tizimli bo‘lmagan. Ya’ni, deyarli 65-70 foiz qurilish materiallari import qilingan. Natijada valyuta chetga chiqib ketishi sababli sohada cheklanishlar bo‘lgan. 2015 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish 35 foiz bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 65 foiz qurilish materiallari chetdan import qilinar edi. 2022 yil yakuniga kelib qurilish materiallarini o‘zimizda ishlab chiqarish 85 foizga yetkazildi. Shuni alohida aytish joiz, yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlar huquqini kafolatlovchi moddalar kiritilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil tadbirkorlar bilan bo‘lgan muloqotidan so‘ng tadbirkorlar tomonidan biznes uchun 55 mingdan ortiq binolar qurilgan. Shundan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ko‘payib, 26 mingtaga yetdi. E’tiborli jihati yana 1000 nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollarga yetkazgan. 200 nafar tadbirkorning tushumlari esa 100 million dollarga yetkazilgan. Eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtani tashkil etgan. Eksport hajmi 30 foizga ko‘paygan.
Prezidentimizning 2022 yil 19 avgustdagi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan tadbirkorlik sub’ektini o‘zida aks ettirgan kitob chop etib borilishi belgilangan edi.
Qaror ijrosini ta’minlash, shuningdek, 2022 yilda turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlangan mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari hamda mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritib, iqtisodiy o‘sish sur’atlariga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillarining faoliyatini yoritish maqsadida ushbu “Tadbirkor – O‘zbekiston” jurnali tayyorlandi.
Mazkur jurnalda ilg‘or natijalarga erishgan, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va xo‘jalik yuritishning boshqa sohalarida tashabbus ko‘rsatayotgan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan tadbirkorlar faoliyati yoritib boriladi.
Bu esa tadbirkorlik faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini rag‘batlantiruvchi biznes muhit yaratish, mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini oshirish, qolaversa, tadbirkorlarning kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni reklama qilishga ko‘maklashish hamda ularning o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalariga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov(surat)
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
12 04 2023 / 11:56