Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Yangilanayotgan Konstitutsiya inson huquq-manfaatlari, erkinliklarini kafolatlashga xizmat qiladi



Ulashing :


Islohotlar, ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi islohotlar siyosiy iroda, mashaqqatli mehnat, katta mablag‘ni talab etadi.

Bilasizmi, birgina 2020-2021 yillardagi faoliyatim davrida 10 000 000 000 so‘mga yaqin, sudlar tomonidan esa, bir necha yuz milliarddan ortiq mablag‘ tadbirkorlar va aholiga davlat g‘aznasidan kompensatsiya to‘lovlari tariqasida undirib berildi. Ortiqcha to‘langan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qo‘rqmasdan aholi va tadbirkorlarga qaytarib berilmoqda.

Bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish, «paxta yakka hokimligi» va boshqa majburiy mehnatga jalb etish holatlariga chek qo‘yildi. Ma’muriy tartibda mehnatga jalb qilganlik uchun esa javobgarlik kuchaytirildi. Sudlarda ma’muriy tartibda majburiy mehnatga jalb etish holatlariga yo‘l qo‘ygan idoralar va ularning mansabdor shaxslariga tizimli jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Fuqarolarning yashash huquqi bilan bevosita bog‘liq pasport tizimi isloh etildi. Xususan, Konstitutsiyada belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqi tamoyillariga rioya etilgan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatda turishga cheklov, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talabi bekor qilindi.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga kirib chiqish huquqi, viza tartibotlari soddalashtirildi. Bu sohada ham Konstitutsion tamoyil amalda ta’minlanmoqda.

«Jasliq» koloniyasi yopildi, Termiz shahridagi xalq tilida «daydixona», «podval» deb nomlangan maskanlar, Qashqadaryodagi «shayxali», Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi hamda Toshkent shahridagi Toshturmada bo‘lgan «ovullar»dagi qiynoqlar batamom barham topdi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsmanga bevosita ozodlikdan mahrum etish joylarida o‘rganish o‘tkazish kabi keng vakolatlar berildi.

2016 yildan beri O‘zbekistonda 5 ming nafardan ortiq mahbus ozod qilingan. Bundan tashqari, ozod etilgan yoki jazosi yengillashtirilgan mahbuslar soni 2 ming nafarga yetgan.

2017 yilda – 263 nafar, 2018 yilda – 867 nafar, 2019 yilda – 859 nafar, 2020 yilda – 781 nafar fuqaro oqlangan. 3 ming 434 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 5 ming 958 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovlardan chiqarilgan yoki o‘zgartirilgan. Hokimlarning 2 ming 852 ta qarori noqonuniy deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.

Ma’muriy sudlar tashkil qilingach, 2017 yilda 218 ta, 2020 yilga kelib esa 41 ming 292 ta mahalliy hokimliklarning qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.

2017 yildan bugunga qadar oqlovlar besh mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Odamlarning suddan najot izlaydigan bo‘ldi. Aslida inson huquqlariga asoslangan huquqiy davlatda shunday bo‘lishi ham kerak.

Bir so‘z bilan aytganda, kecha orzu bo‘lgan – nohaq ayblarni olib tashlash, oqlov, davlat organlariga ishga tiklash, davlatdan zarar va kompensatsiya undirish masalalari bugun yangilik emas.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada belgilanayotgan yangi normalar ham avvalo, aynan inson huquq-manfaatlari, erkinliklarini yanada kengroq kafolatlashga, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.

Nuriddin Murodov,

Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

13 04 2023 / 13:09