Uchrashuvda Spiker N.Ismoilov milliy parlamentimiz, jumladan Qonunchilik palatasining tuzilishi xususida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Slovakiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z bordi. Xususan, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston–Slovakiya munosabatlarini yanada kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanish, savdo, iqtisodiy-investitsiyaviy yo‘nalishda hamkorlikni yanada keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda Konstitutsiyaviy islohotlar haqida ham ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz Konstitutsiyasi ilk marotaba umumxalq muhokamasi – referendum asosida qabul qilinmoqda. Bosh qomusimiz referendum asosida qabul qilinganidan keyin barcha sohalarda, jumladan, parlament faoliyatida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Boisi, yangilanayotgan Konstitutsiyada parlament palatalari vakolatlarini kengaytirishga oid qator normalar o‘z aksini topmoqda.
O‘z navbatida, Slovakiya Respublikasi Milliy kengashi raisi Boris Kollar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizdagi barqarorlik hamda qo‘shni davlatlar bilan ijobiy hamda do‘stona munosabatlarimizga yuqori baho berdi.
B.Kollar O‘zbekiston–Slovakiya munosabatlarining bugungi holatiga to‘xtalar ekan, hozirgi kunda ikki tomonlama savdo munosabatlari bor-yo‘g‘i 23-25 million yevroni tashkil etishi mavjud salohiyatni aks ettirmasligini, shu bois, savdo, iqtisodiy va investitsiya sohasidagi, bundan tashqari, ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga qo‘shimcha sa’y-harakatlar qilish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, mehmon har ikkala mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish niyatida ekanligini bildirdi.
Uchrashuvda parlament faoliyati sohasida tajriba almashish hamda savdo, iqtisodiy va investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
O‘zaro muloqotdan so‘ng delegatsiya vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislar zali bilan tanishdi.
Muhtarama Komilova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 04 2023 / 12:05