
Tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, geopalentologik va ampelografik tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, uzumchilik bilan ajdodlarimiz 6 ming yil avval shug‘ullangan. Ular uzumzorlar tashkil qilibgina qolmay, balki o‘sha davrlardayoq uzumni qayta ishlagan.
Qadimgi Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da ham dehqonchilik madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi sug‘orma dehqonchilikka asoslanganligi, boshqa ekinlar va mevalar qatori uzumchilikka ham katta e’tibor berilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Qadimgi “Tuproqqal’a”dan topilgan arxeologik topilmalar-xumxona, egasining nomi bitilmagan toshtaxta-tarapanlar – uzumni suvini chiqarishga moslangan idish, uzun jo‘mrakli ko‘plab katta va kichik ko‘zalar, yon yuzasi bezatilgan mustaxora sopol idishlar, qisman saqlanib qolgan uzum terayotgan ayol surati bu sohaning o‘z davrida e’tiborga molik bo‘lganligidan dalolat beradi.
Bugun mamlakatimizda soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor o‘z mahsulini bermoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillik yillarida 30-40 ming gektardan ortiq, asosan lalmi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlarda yangi tokzorlar barpo etildi. Ta’kidlash kerak, keyingi 3-4 yil soha rivoji uchun juda samarali keldi. O‘tgan 2020 yilning o‘zidagina respublikamizda fermer xo‘jaliklari va boshqa korxonalar tomonidan 22,6 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 4,3 ming gektar maydondagi tokzorlar rekonstruksiya qilindi.
Joriy yilda esa respublikamizning lalmi va foydalanishdan chiqqan 40 ming gektardan ortiq maydonlarda yangi tokzorlar barpo etilib, 6,2 ming gektar maydondagi eski iqtisodiy samarasiz tokzorlar rekonstruksiya qilinadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizning sohaga taalluqli ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan mahalliy sharoitga mos, hosildor, yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beruvchi “Qora go‘zal”, “Rizamat”, “Kishmish vira”, “Kishmish So‘g‘diyona”, “Kishmish Xishrau”, “Tarnau” va boshqa xo‘raki-kishmishbop navlar, “O‘zbekiston muskati”, “Rangdor”, “Oltinday” navli texnik uzum navlari yaratildi. Bu navlar hozirgi kunda sohibkorlarimiz tomonidan katta maydonlarda yetishtirilmoqda.
Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
02 04 2021 / 13:17