O‘zbekistonda yakka tartibdagi
tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday bo‘ladi? Uyda
o‘tirgan holda tadbirkor bo‘lish mumkinmi? Yakka tartibdagi tadbirkorlardan
qanday soliqlar undiriladi? Shu kabi savollarga Soliq qo‘mitasi javob berdi.
Yakka tartibdagi faoliyat turini
tashkil qilish va tadbirkorlardan olinadigan soliq to‘lovlari haqida
Davlat Soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Po‘lat Davlatov ma'lumot berdi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, yakka tartibdagi tadbirkorlik
(YaTT) faoliyatini tashkil qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi
markazlaridan biriga borish orqali yoki elektron shakldagi interaktiv xizmatlar yordamida
ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
«Endilikda tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan
o‘tishi uchun ortiqcha hech qanday hujjatlar talab etilmaydi. Tadbirkorlik
faoliyatini yarim soat yoki uzog‘i bilan bir soat muddatda ro‘yxatdan o‘tkazib
tadbirkorlik guvohnomasi olish mumkin», – dedi Po‘lat Davlatov.
Tadbirkorlikni istagan shaxs ro‘yxatdan
o‘tish uchun Davlat xizmatlari markaziga boradigan bo‘lsa, bazaviy hisoblash
miqdorining 1 barobari miqdorida davlat boji to‘lashi, agar tadbirkor elektron
shaklda mustaqil ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi
miqdorida davlat boji to‘lashi belgilangan.
Yakka tartibdagi tadbirkor(YaTT)lar qanday tartibda
soliq to‘laydi?
I. Bir kalendar yili davomida YaTTning olgan daromadi 100 million so‘mgacha
bo‘lsa, qat'iy belgilangan tartibda soliq to‘laydi.
II. Bir kalendar yilida olgan daromadi 100 million so‘mdan oshgan,
biroq 1 milliard so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar
aylanmasidan olinadigan daromad hisobidan soliq to‘lashga o‘tkaziladi.
III. Bir kalendar yilida tovarlar aylanmasidan olingan daromadi 1
milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni yuridik
shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tkaziladi.
Ma'lumot uchun, joylashgan joyi va
faoliyat turidan kelib chiqib, Toshkent shahridagi tadbirkorlar uchun alohida,
viloyat markazidagi tadbirkorlar uchun alohida va chekka hududlardagi
tadbirkorlar uchun alohida qat'iy belgilangan soliq stavkasi belgilangan.
YaTT lar uchun qanday imtiyozlar berilgan?
Mutaxassisning xabar berishicha, YaTTlar
faoliyatini boshlagandan keyin bir oy davomida soliqlardan ozod
etiladi. Shuningdek, I, II guruh nogironligi bo‘lgan YaTTlar belgilangan
soliq stavkasining 50 foizi miqdorida soliq to‘laydi.
Agar YaTT 2 yoki undan ortiq faoliyat turi
bilan shug‘ullansa (ya'ni bir paytda ham chakana savdo, ham xizmat ko‘rsatish)
har biri uchun alohida alohida belgilangan qat'iy stavkada soliq to‘laydi, ammo
bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida umumiy bitta ijtimoiy
soliq to‘lashi belgilangan.
YaTT o‘z faoliyat turidan kelib chiqib, 1
nafardan 3 nafargacha ishchi yollash imkoniyatiga egaligi, ya'ni chakana savdo
bilan shug‘ullanadigan tadbirkor 1 nafargacha, maishiy xizmat ko‘rsatish bilan
shug‘ullanuvchi tadbirkor 3 nafargacha ishchi yollashi mumkin.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, 2021 yildan boshlab kiritilgan
o‘zgarishlarga asosan yakka tartibdagi tadbirkordan soliq agenti sifatida
yollangan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i
(daromadning 12 foizi miqdorida) undiriladi.
Ma'lumot uchun, hozirda YaTT yuzga yaqin faoliyat turlari bilan
shug‘ullanishi mumkin. 2011 yil 6 yanvar kunidagi Vazirlar Mahkamasining qarorida yakka
tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari belgilangan.
Avvalroq, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini
olish maqsadida davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning
aniq 4 xil shakllari belgilab berilishi,bundan tashqari tadbirkorlik
faoliyatini nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat
funksiyalari ro‘yxati shakllantirilishi ma'lum qilingandi.
Bundan tashqari, joriy yilning oxirigacha yagona Tadbirkorlik
kodeksi ishlab chiqilishi va kodeksda tadbirkorlikka oid litsenziyalash,
ruxsatnoma berish, yer ajratishga doir masalalar ham aniq tartibda belgilanishi
haqida ma'lumot berilgandi.
kun.uz saytidan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
01 02 2021 / 14:03