Oltinsoy tumani Jobu mahallasida yashovchi Husniddin Rustamov ham tomorqasidan unumli foydalanib, yaxshi daromad olish yo‘llarini qidirmoqda. Xonadon ahli tomorqani 5 sotixida issiqxona tashkil qilib, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlardan mo‘l hosil olmoqda.
Sariosiyo tumani Anorzor mahallasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida issiqxona usulida pomidor, bodring, karam va limon mahsulotlarini yetishtirish yaxshi an’anaga aylangan. Ko‘p yildirki, mahalla mirishkorlari o‘z xonadonlarida barakali hosil yetishtirib, nafaqat mahalliy bozorda, balki qo‘shni tuman va poytaxt aholisini ham sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Alohida qayd etish kerakki, keyingi yillarda tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanib, dehqonchilik sirlarini o‘zlashtirish orqali mo‘l mahsulot yetishtirib, ham ro‘zg‘or ehtiyojlarini, ham el dasturxonini to‘kin qilayotgan oilalar safi ko‘paymoqda.
Bunda esa “Oilaviy tadbirkorlik – farovon hayot belgisi” loyihasi ham dehqon, fermerlarga yaqindan ko‘mak bermoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tizimidagi O‘zbekiston agro axborot innovatsiya markazi hamda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Loyihada Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashish, aholiga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida bir necha kundan buyon Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.
Misol uchun, Sho‘rchi tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda "Yakkabog‘" va "Joyilma" mahallasi aholisining tomorqadan foydalanish, ekin ekish va ularning agrotexnologiyasi bilan bog‘liq savollariga javob berildi. Sohadagi yangiliklar bilan tanishtirildi.
– Odamlarning yerga munosabati o‘zgarib, tomorqadan samarali foydalanish madaniyati yuksalmoqda, – deydi Sho‘rchi tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Turg‘un Mengnorov. – Bunda aholiga tomorqasidan samarali foydalanish, daromadga ega bo‘lish, yetishtirilgan hosilni avvalo o‘z oilasi undan keyin esa bozorlarimizga arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish borasidagi targ‘ibot ishlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asosiy maqsad shaxsiy tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanish, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali oila daromadini yaxshilash.
Nilufar Bozorova,
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 06 2023 / 12:31