2,7 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan “Markaziy” mahalla fuqarolar yig‘inida nuroniylar va mahalla ahli bilan muloqot chog‘ida mahallalarni rivojlantirish maqsadida ko‘rilayotgan choralarga e’tibor qaratildi. Jumladan, aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish, mehnat huquqlarini ta’minlash kabi masalalar yechimi qanday yo‘lga qo‘yilgani ko‘rib chiqildi.
Nuroniylar, mahalla faollari keyingi yillarda islohotlar aynan mahallalardan boshlanayotgani bois ichimlik suvi, yo‘llar qurilishi, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar hal etilayotgani, bunda ayniqsa, “Ochiq byudjet” platformasi muammolarga yechim bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi.
Mahalla beshligining yo‘lga qo‘yilgani masalalarni kompleks hal etishda muhim omil bo‘layotgani aytib o‘tildi. Hududda “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasida farmatsevtika korxonalarining ishga tushirilishi, shuningdek, 3 ta tekstil korxonasining faoliyat boshlagani aholining bandligini ta’minladi.
Suhbat chog‘ida qator takliflar ilgari surildi. Bugun tumanda sanoat rivojlanmoqda, qishloq xo‘jaligida fermerlar soni ortayotir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani rivojlantirish, shu bilan birga, “Ochiq byudjet” portalida takliflarni yo‘nalishlar kesimida shakllantirish yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Senat Raisi “Oybek” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 200 o‘rinli “Shabnam elegant” mas’uliyati cheklangan jamiyati tekstil korxonasiga tashrif buyurdi. Mazkur korxona joriy yilda 3 million dollarlik mahsulotga shartnoma qilgan bo‘lib, MDH davlatlariga eksportni amalga oshirib kelmoqda.
Senat Raisi bu yerda xodimlarga yaratilgan sharoitlar, ularga berilayotgan ish haqi bilan qiziqdi.
Korxona rahbari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati yuqori bo‘lgani bois buyurtma hajmi ko‘pligi, yana ishchi kuchi kerak bo‘layotgani, buning uchun qo‘shni tumanlar aholisini ham ish bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, ayni paytda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan xolda yangi loyihalar ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
Parkent tumani o‘zining uzumlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xorij davlatlarida ham nom qozongan. “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida uzumchilikni rivojlantirish va qayta ishlash bo‘yicha faoliyat olib borayotgan fermerlar bilan suhbat chog‘ida klaster tizimi samarador ekani qayd etildi. Qishloq xo‘jaligida ham tadbirkorlikni kengaytirish, sohani rivojlantirishda xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yib, jahon standartlarini joriy etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, hududda agrologistika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yili 20 million dollarga teng mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Manfaatdorlik yuqori bo‘lgani bois fermerlarning harakati ham shunga yarasha.
Uchrashuv chog‘ida omilkor bog‘bonlar sohani rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. Sohada sug‘urta tizimini rivojlantirish, bugungi kunda yetishtirilayotgan 4-5 xil navlar bilan cheklanib qolmay, Yevropa mamlakatlari tajribasini bevosita o‘rgangan holda uzumning yangi, xo‘raki, eksportbop navlarini yetishtirishni o‘zlashtirish, xalqaro sertifikatlarni olishda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
T.Norboyevaning Parkent tumaniga tashrifi dasturidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olish masalalari ham o‘rin oldi. “Bozorboshi” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olindi.
N.Abduraimova, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
04 07 2023 / 12:23