Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Kelgusi yetti yilda iqtisodiyot sohasida ham tub burilishlar amalga oshiriladi



Ulashing :


Munosabat

Bugun barcha sohalarda begilangan vazifa va maqsadlarga iqtisodiy barqarorlikni ta’minlamasdan turib erishib bo‘lmaydi. Shu bois Prezidentimiz inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida barcha sohalarda bo‘lgani kabi mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, bu borada mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi yanada oshirilib, iqtisodiyot sohasida ham tub burilishlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan, “Yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillari yanada keng joriy etiladi. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi bir necha barobar oshiriladi. 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 160 milliard dollarga yetkaziladi.

Shuningdek, bu borada iqtisodiyotimizga investitsiyalarni keng jalb etish, bank tizimini isloh qilish eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi. Bunda tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratilib, yangi ish o‘rinlari ochiladi. Aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Jumladan, Prezidentimizning saylovoldi dasturida 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish, shu jumladan, bunda 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirish, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish maqsad qilingan.

Shuningdek, xorijiy invetsiyalarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini hozirgi 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, banklarga qo‘yilayotgan omonatlar hajmi 4 barobarga oshirilib, banklarni xususiylashtirish jarayonlari tezlashtiriladi.

Buning uchun bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi ta’minlanib, nobank moliyaviy xizmatlarini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Shuningdek, iqtisodiyotning qon tomiri bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini oshirish uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini jadallashtirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 1 milliard dollar mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi. Bu bevosita mahalliy tadbirkorlarimiz ish faoliyatiga o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatib, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyo bozorida munosib o‘rin topishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, bunday tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun tayyor infratuzilmaga ega bo‘lgan sanoat zonalariga xorijiy investitsiyalarning keng jalb etilishi esa, har bir ish o‘rni munosib mehnat haqi bilan yaratilishiga olib keladi.

Albatta, ushbu maqsadlarga erishishda yangilangan Konstitutsiyamizga mos ravishda mavjud huquqiy-me’yoriy bazani yangilash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, fuqarolarni idorama-idora sarson qilmaydigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etish muhim sanaladi. Qonunchilik bazasining takomillashtirilishi esa, o‘z navbatida, biz xalq vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Mahfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

17 07 2023 / 11:24