Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida Toshkent shahar soliq boshqarmasi tomonidan korxonaning joriy hisobvarag‘idan jami 864 million so‘m miqdoridagi mablag‘ noqonuniy ravishda olib qo‘yilgani, tadbirkorning huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlanib, bu holat zudlik bilan chora ko‘rishni taqozo etdi.
Bundan tashqari, murojaatda ma’muriy sud tomonidan qonuniy qaror chiqarilgunga qadar tashkilot soliq ma’muriyati tomonidan jarima undirilishini to‘xtatib turish talabi bilan bir necha bor mustaqil ravishda soliq organlariga murojaat qilgani ko‘rsatilgan. Biroq bu murojaatlar nohaq rad etilgani ham tadbirkorning huquqlari buzilganidan, tartib-qoidalarga rioya qilmayotganidan dalolat beradi.
Ushbu masalani ma’muriy sud tomonidan ko‘rib chiqish natijasida soliq organining korxonadan jarima undirish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb topildi. Ya’ni soliq organining qarori ma’muriy sud tomonidan bekor qilingan va tadbirkor olib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarib olishga to‘g‘ri kelgan.
Shunga qaramay, soliq organi undirilgan summani qaytarishdan bosh tortgan. Bunday vaziyatda Vakil devonining aralashuvi bilan mablag‘lar soliq organlari tomonidan kompaniyaning hisobvarag‘iga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 12 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (2023 yil 11 may, 841-son) kuchga kiradi. Unga ko‘ra tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik, talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bunda ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 08 2023 / 11:22