2023 yil 15 avgust kuni O'zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo'llab-quvvatlash markazi, "taraqqiyot siyosiy" ta'lim markazi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil hamkorligida "tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: yangi g'oya va takliflar" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakili (biznes-Ombudsman), fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi hamda Oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari ekspert-olimlari, tadbirkorlik va fermerlik sub'ektlari vakillari ishtirok etdilar. Mazkur davra suhbatida mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan biznes sohasidagi islohatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, tadbirkorlarning xuquq va manfaatlaridan kelib chiqqan holda sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ma'lumki, bundan 6 yil oldin mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan tadbirkorlik sub'ektlarida tekshirishlar o'tkazishga moratoriy e'lon qilingan edi. Buning natijasida o'tgan davr mobaynida respublikamizda faoliyat ko'rsatayotgan tadbirkorlarning soni bir necha karra ko'payib, 500 mingdan oshib ketdi.
Davra suhbati davomida yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish ishlarida faollik va tashabbuskorlik ko'rsatish, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil faoliyati haqida, tadbirkorlarning o'z faoliyatini kengaytirishi, yangi loyihalarni amalga oshirishi uchun qulay moliyalashtirish tizimini tashkil etish, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkazilayotgan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish, nazorat organlari xodimlarini o'qitish, tekshiruvlar sonini qisqartirish, tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari hamda O'zbekiston Respublikasida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag'lar erkin harakatlanishiga to'sqinlik qiluvchi qoidalar mavjud normativ-huquqiy hujjatlar xususida muhokamalar bo'ldi.
Davra suhbatida ko'tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar va xulosalardan kelib chiqqan holda, tadbir ishtirokchilari tomonidan amaliy taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqildi. Jumladan:
- tadbirkorlik sub'ektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish;
- xususiy sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish;
- tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi Qonunchilik va norma ijodkorligida yangicha yondashuvlarni joriy etish;
- tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlarini to'liq amalga oshirish va himoya qilish, kafolatlash hamda haqiqiy ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish;
- davlat organlarining (ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarining) tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarini to'liq safarbar etish va boshqalar.
Shunday qilib, tadbirkorlik faoliyatini maqsadli tartibga solishning adolatli asoslari hamda aniq mezonlarini vujudga keltirish, tadbirkorlik faoliyati erkinligining qonuniy kafolatlarini belgilash, davlatning iqtisodiyotga asossiz aralashishining oldini olish bo'yicha normalarning belgilanishi - tadbirkorlik sub'ektlariga haqiqiy adolatli iqtisodiy va moliyaviy erkinlikni taqdim etadi.
Bunday erkinlikning huquqiy asoslari esa faqatgina qonun darajasida belgilab qo'yilishi lozim. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishga nisbatan yagona shaffof va demokratik yondashuvlarning joriy etilishiga olib keladi.
A.Abdullaev,
"Taraqqiyot" siyosiy ta'lim markazi koordinatori
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 08 2023 / 12:43