Qozog‘iston, Ozarbayjondan kelgan ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, mamlakatimizdagi soha mutaxassislari ishtirok etgan konferensiyaning maqsadi global iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun agrobioxilma-xillikni o‘rganish, saqlash va barqaror foydalanish jarayonidagi erishilgan zamonaviy yutuqlar, mavjud muammolar, ularni bartaraf etishda ilg‘or texnologiyalar hamda innovatsiyalardan foydalanish yo‘llarini targ‘ib etishdan iboratdir.
Keyingi yillarda sayyoramiz bo‘ylab global isish, kuchli shamol, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va yong‘inlar ko‘paydi, muzliklar erishi esa tezlashdi. Bu kabi iqlim o‘zgarishlari bir qator salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Xususan, harorat ko‘tarilishi natijasida suvning bug‘lanish darajasi oshishi hududlarda suv resurslari kamayishiga, tanqisligiga ta’sir etmoqda.
Ekologik tanglik oqibatida yil davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunlar soni ko‘paydi. Tuproqning namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg‘oqchilik xavfi ortib borayotgan bir vaqtda hosildorlik ko‘rsatkichlari pasaymoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi aholisi soni “geometrik progressiya” bo‘yicha ortib bormoqda. Afsuski, ularning ehtiyoji “arifmetik progressiya” bo‘yicha qondirilmoqda. Hozir jahon aholisining 815 million nafari och qolayotgan bo‘lsa, 2050 yilga borib bu raqam 2 milliard kishiga yetishi taxmin qilinmoqda. Ayni chog‘da ularning 12,9 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislar bu kabi muammolar dunyo hamjamiyatini ham befarq qoldirmasligi, aksincha, ularni ilm-fan va innovatsion texnologiyalardan foydalanish orqali hal etish kerakligini aytib o‘tdi.
Konferensiyada mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar o‘zaro manfaatli hamkorlikka erishishda dadil qadamlar tashlashi kerakligi borasida fikr almashdi.. Jumladan, kelgusida xalqaro qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalar tayyorlash, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ilmiy-tadqiqot materiallarini almashish, birgalikda nashr ettirish choralari ko‘riladi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
03 10 2023 / 15:59