Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu o‘rganishlar natijalari muhokama etildi. Bu borada kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 1 150 milliard so‘m imtiyozli resurs mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va shu orqali bandligini ta’minlash maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yanvar-noyabr oylari davomida 33 587 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektiga 827,4 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan. Natijada 33 587 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi va ishlab chiqarish, hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarga binoan tegishli miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Xususan, mazkur kreditlarning 414,3 milliard so‘mi 18 465 nafar ayolga, 304,3 milliard so‘mi 12 123 nafar yoshga taqdim etilgan.
Joriy yilning 10 oyi davomida jami 827,4 milliard so‘m imtiyozli kreditlar o‘zlashtirilib, 34 000 nafarga yaqin fuqaro bandligini ta’minlashga erishilgan.
Biroq viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda ayrim kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Joriy yilning 1 sentyabr holatida ushbu dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli (NPL) kredit qarzdorligi 53,9 milliard so‘m bo‘lib, bu kredit portfeli (1,6 trillion so‘m)ning 3,0 foizini tashkil qiladi.
Garchi bu boradagi ko‘rsatkich respublikaning boshqa viloyatlariga qaraganda ijobiy baholansada, muammoli kredit qarzdorligi viloyatning Qorako‘l, Jondor, Romitan, Shofirkon, Buxoro tumanlari hamda Buxoro shahrida yuqoriligicha turibdi. Shuningdek, 2022-2023 yillar davomida hokim yordamchilari tavsiyanomasi asosida ajratilgan kreditlar muammolari bo‘yicha ham kamchiliklar mavjud. Shunga binoan, joriy yilning 10 oylik yakunlari bilan mavjud muammoli kredit qarzdorlikni 46 milliard so‘mga va hokim yordamchilari tavsiyanomasi asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli kredit qarzdorlikni 10,0 milliard so‘mga tushirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yil oxirigacha bajarilishi rejalashtirilgan asosiy vazifalar yuzasidan ham so‘z yuritildi. Jumladan, 322,6 milliard so‘m imtiyozli kredit resurslarini o‘zlashtirish orqali 10 000 nafardan ortiq fuqarolar bandligini ta’minlash nazarda tutilganligi ta’kidlandi.
–Tadbirkorlikni boshlash arafasida turgan hamyurtlarimiz huquqiy savodxonligini oshirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish, ajratilayotgan kreditlardan maqsadli foydalanishga o‘rgatish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir, – deydi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov. –Ushbu muhim masalaga partiyamiz faollari, mahalliy Kengash deputatlari, hamkor tashkilotlar tomonidan ham jiddiy yondashilsa, jumladan, muammoli kreditlarni ham o‘z vaqtida qaytarish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
24 11 2023 / 13:18