Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Piskent tumanida tajriba tariqasida chigit va soya ekiladi



Ulashing :


Piskent tumanida tajriba tariqasida chigit va soya ekiladi

Toshkent viloyati Piskent tumani dehqonlari katta taraddud bilan dalalarga chigit ekishga kirishdi. Shu munosabat bilan tumandagi “GOOGLESHTER GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati dalasida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov, tuman hokimi Rahimboy Rixsiyev, viloyat sektor rahbarlari, soha mutasaddilari va fermerlar ishtirok etdi.

Seminarda so‘zga chiqqan U.Uzoqov respublikamizda soyani g‘o‘za bilan birgalikda yetishtirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, o‘simlik moyi ishlab chiqarishni ko‘paytirish, chorva hamda parranda uchun sifatli va to‘yimli ozuqa yetishtirish imkoniyati oshirilishini alohida ta’kidladi.

– Soya g‘o‘za bilan birga ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish mumkinligi aksariyat fermerlarimizni qiziqtirdi. Bundan tashqari, yana ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlash mumkin, – deydi tuman hokimi Rahimjon Rixsiyev.

– Soyadan moy, chorva uchun haridorgir omixta yem olish mumkin. Piskentda bu yil tajriba tariqasida chigit bilan qo‘shib, hamkor ekin sifatida 3ming gektar maydonga soya ekish rejalashtirilgan. Bu bir maydondan ikki hissa daromad keladi, demakdir.

Amaliy tadbirda mutaxassislar qisqa muddatlarda chigitni ekib, undirib olish, g‘o‘za parvarishlash va mo‘l hosil yetishtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Joriy yilda tumanda jami 7 ming 800 gektar maydonga “Sulton”, “Kelajak”, “S-6524” navli urug‘lik chigit ekiladi.

Bu sa’y-harakatlarda dehqon va fermerlarga sohasi mutaxassislari bevosita ko‘maklashadi. Tajribali fermerlarning ta’kidlashicha, pnevmatik seyalka yordamida har gektariga 200 kilogram fosforli o‘g‘it bilan chigit ekilmoqda. Chigit ekish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, mavsumni samarali o‘tkazishda 64 ta yer tekislovchi va 32 ta pnevmatik yuqori unumli texnika shay holatga keltirilgan.

A.Musayev, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 04 2021 / 15:18