O’zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazining Toshkent shahar bo‘limi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi “Intercontinental hotel”da “O’zbekiston – 2030” strategiyasining hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy- joy bilan ta’minlash darajasini oshirish (60-maqsad) borasida belgilangan vazifalar bajarilishini muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni mazkur tashkilot xodimlari hamda tilga olingan yo‘nalishdagi chora-tadbirlar amalga oshirilishiga ko‘maklashish va jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha tuzilgan O‘zLiDeP ishchi guruhi a’zolari olib bordilar.
Taklif qilingan mas’ul vazirlik va idoralar vakillari vazifalarning bajarilishi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdilar.
Xususan, Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish bo‘yicha ishlar jadal sur’atda olib borilyapti. Oliy Majlis Senatining “Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahrining Davlatobod tumani, shuningdek Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Samarqand shahri bo‘yicha “Samarqand viloyatining Oqdaryo, Pastdarg‘om, Samarqand, Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahri tarkibida Qorasuv, Sug‘diyona, Siyob, Bog‘ishamol, Maroqand tumanlarini tashkil qilish hamda Samarqand tumanini tugatish to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari ishlab chiqilib, ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasi va Senatga taqdim etilgan.
Shuningdek, hududlarni rivojlantirishning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Turkiya, Niderlandiya, Belarus davlatlarining yetakchi korxonalari bilan qiymati 256 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi. Shu yili 90 923 ta xonadonli 2 012 ta qurilajak uylarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgani ham diqqatga molik.
Bugungi kunga qadar “Yangi O’zbekiston” massivlarida 6 ming 157 ta xonadonli 221 ta uy-joy, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda 18 ming 244 ta xonadonli 389 ta uy-joy foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlanganidek, barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarning qavatliligi oshib bormoqda. O’tgan yilda qurilgan uylarning o‘rtacha qavatliligi 5 qavatni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 7 qavatga to‘g‘ri kelmoqda. Aholi ijtimoiy sharoiti tahlili odamlarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash bugungi kunning asosiy talabi ekanini ko‘rsatyapti.
Joriy yil davomida 32 146 ta qurilish ob’ekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularda 55 321 marotaba nazorat ishlari amalga oshirilgan. Hududiy qurilish nazorati inspeksiyalari tomonidan 51 ming 912 ta yozma ko‘rsatmalar berilib, 35 ming 992 tasi bartaraf etilgan.
Qurilishda aniqlangan qonunbuzilishlar natijasida 4 ming 918 nafar (shundan 1 215 ta pudratchi, 3 105 ta buyurtmachi va 598 ta loyiha tashkilotlari) mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. 1 257 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari to‘xtatilib, 395 tasida buzdirish ishlari olib borilgan.
Yig‘ilish qatnashchilari qayd etganidek, qurilish ishlari hajmining oshib borishi bilan qonunbuzarliklar oldini olish, sifatli ob’ektlarni barpo etish, qurilgan binolarning insonlar uchun xavfsiz bo‘lishini ta’minlash masalalari tobora dolzarblashib boradi.
Tadbir yakunida partiyamiz faollari vazirlik va idoralar bilan birgalikda qurilish sohasida sifat va xavfsizlikni ta’minlash, aholi uchun arzon uy-joylar barpo etilishida uzluksiz jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va boshqa ishlarni hamkorlikda tashkil qilishga kelishib olishdi.
Baxtiyor RUHIDDINOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘limi mudiri, ishchi guruh rahbari
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
30 11 2023 / 18:20