Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Xotin-qizlarga e’tibor kelajak maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladi



Ulashing :


Jamiyatimizning barcha sohalarida, davlat iqtisodiy va siyosiy boshqaruvining hamma bosqichida xotin-qizlar faoliyatiga teng imkoniyatlar yaratilayotgani sir emas. Ayni paytda mahalladan to oliy qonunchilik organigacha ayollarning o‘z munosib o‘rni bor.

Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishi, gender tenglik va reproduktiv samaradorlikni ta’minlashning muhim jihatlari nimada?

Shular xususida Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti Nodira Rasulovaning fikrlari bilan qiziqdik.

– O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida oila va ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, boshqa sohalarda teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddsida mustahkamlab qo‘yilgani quvonarli holdir.

Xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini e’tiborga olsak, gender tenglikni ta’minlash vazifasining davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir.

Bu xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, ta’lim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik, ijod, madaniyat sohalarida gender tenglik ta’minlanishi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshiradi.

Ayni vaqtda xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizni, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at sohalarida 72 foizni, sanoatda 38 foizni, tadbirkorlikda 35 foizni, oliy ta’limda 46 foizni tashkil etishi ham ularning sohalar rivojidagi egallagan munosib o‘rnidan dalolatdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasi mantiqiy davomi sifatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25-bandida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Natijada 2030 yilga qadar boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlar ulushi kamida 30 foizni tashkil etishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, alohida yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, ularga subsidiyalar berish, uylarning dastlabki badallarini to‘lab berish, imtiyozli va uzoq muddatli ipoteka kreditlar berish kabi insonparvar siyosat amalga oshirilmoqda.

Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab beradi. “Bir qiz bolani o‘qitish – butun millatni o‘qitish bilan barobar”, deb bejiz ta’kidlanmagan. Shu bois, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Birgina 2022 yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 49,9 foizini xotin-qizlar tashkil etgan edi.

2017 yilga qadar OTMlarda grant o‘rinlari soni faqat qisqarib keldi. So‘nggi besh yil ichida, aksincha, grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga teng huquqlilik qoidasining kiritilishi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan qarorlar qabul qilishdagi xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirokini ta’minlashga imkon yaratganini alohida ta’kidlash lozim.

Fikran va jismonan sog‘lom ayolgina jamiyatga munosib farzandlarni tarbiyalashga qodir. Shu ma’noda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor kelajak maqsadlar ro‘yobiga xizmat qilishi shubhasiz.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

07 12 2023 / 14:57