Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirgan mansabdor shaxslar jazolandi



Ulashing :


Tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirgan mansabdor shaxslar jazolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni tomonidan Jizzax viloyatidagi tadbirkorlar faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazgan 47 nafar mansabdor shaxs jazolandi hamda 6 nafar mansabdor shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-Ombudsman) devoni xodimlari tomonidan Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasi hamda uning shahar, tuman markazlarida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tekshiruvlari o‘tkazilishining qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Xususan, tizim xodimlari tomonidan 2020 yilda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida 112 marotaba noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgan. Ya’ni, ushbu tekshiruvlar tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmasdan o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, tekshiruvlar jarayonida, tekshiruv o‘tkazishning belgilangan tartiblari ham buzilgan. Buning ustiga, mazkur tekshiruvlar, tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega bo‘lmagan hodimlar tomonidan tashkil etib kelingan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-Ombudsman) tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tadbirkor faoliyatida amaldagi qonun xujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazilishini ta’minlash, aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarning qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasini qat’iy hal qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma natijasiga ko‘ra, viloyat bandlik bosh boshqarmasi hamda uning shahar, tuman markazlarining 47 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan “hayfsan” intizomiy choralari qo‘llanilib, 6 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Tadbirkorlarning qonuniy himoyasini ta’minlash maqsadida, bu kabi nazorat tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni tomonidan doimiy o‘tkazib borilmoqda.

Sardor Usmanov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori.

O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 04 2021 / 16:29