Bugungi kunda Respublikamizdagi xotin-qizlar va yoshlarni kichik biznes, xususiy tadbirkorlikka bo'lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish, mazkur sohada bilim va ko'nikmalarini oshirish, ularning biznes tashabbuslari, g'oyalari va loyihalarini amalga oshirishga ko'maklashish, buning barobarida yangi tadbirkorlik sub'ektlarini barpo etish va qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish kabi masalalar o'z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Yuqorida keltirilgan masalalardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo'llab-quvvatlash markazi hamda O'zLiDeP siyosiy Kengashi tashabbusi bilan "xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash" loyihasi ishlab chiqildi.
Ma'lumki, ushbu loyihaning asosiy maqsadi – band bo'lmagan ayollar, yigit va qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka o'rgatish, ularning iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi ko'nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan o'quv kurslari va seminar-treninglarni tashkil qilishdan iboratdir.
O'quv seminarlari mamlakat hududlari kesimida o'tkazilib, loyihani amalga oshirish bo'yicha hamkor tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari, shuningdek, tajribali tadbirkorlar taklif etilib, ular ishtirokida trening va mahorat darslari tarzida ham tashkil qilib kelinmoqda.
2023 yilning noyabr-dekabr oylarida o'quv seminarlarining 4ta bosqichi, ya'ni Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari, Andijon, Namangan, Farg'ona viloyatlari xotin-qizlari va yoshlaridan iborat vakillari uchun tashkil etildi.
Loyiha doirasidagi seminarlarning keyingi bosqichlari 2024 yilning yanvar oyida tashkil etiladi va ularda Buxoro va Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, so'nggisi - Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi vakillari ishtirok etishadi.
Mazkur o'quv seminarlarida "O'zbekistonda tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilishga oid qonunlar va qonunosti me'yoriy-huquqiy hujjatlar", "biznesni tashkil etish masalalari", "tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish turlari, kreditlar, subsidiyalar, imtiyozlar va ularni berilish tartiblari", "tadbirkorlik sohasidagi soliq munosabatlari" kabi mavzularda ma'ruzalar o'qilib, ishtirokchilar tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga, biznes sohasiga ko'maklashuvchi davlat tashkilotlari, xususan savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, solik organlari kabi idoralarning mutaxassis-ekspertlari o'quv seminarlari davomida keng ko'lamdagi konsalting xizmatlarini ko'rsatish, jumladan, yosh tadbirkorlarga kreditlar ajratishda taqdim etiladigan hujjatlar bo'yicha biznes-rejalar tuzish yuzasidan amaliy maslahatlar berib kelishmoqda.
O'quv seminarlarining yakuni bo'yicha, shuningdek loyiha doirasida "eng yaxshi biznes reja" tanlovini tashkil qilish ko'zda tutilgan.
Umuman olganda, loyiha doirasidagi o'quv kurslari va seminar-treninglari ishtirokchilardan qanchasi ro'yxatdan o'tib, bankda hisob-varaq ochib, o'z biznesini boshlab, imtyozli kredit olganligi aks etgan umumiy hisobotlar tayyorlanishi ham rejalashtirilgan.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
05 01 2024 / 17:55