2024-yilning 23-yanvar kuni
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash
markazida Koreya Respublikasining “Yungsang Li Azenergy Co.LTD" va "Re-Co
Consulting Corp." kompaniyalari hamda Koreyaning ilmiy va ta’lim muassasalari
vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda mazkur kompaniyalar,
shuningdek, Janubiy Koreyaning “yashil iqtisodiyot” energetikasi sohasidagi ilmiy
va ta’lim muassasalari mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy texnologiyalardan
foydalangan holda O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari
muhokama qilindi.
Koreya delegatsiyasi vakillarining
fikricha, ushbu innovatsion loyihalarni O‘zbekistonda joriy qilish “yashil iqtisodiyot”ni,
xususan, energetika sohasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, kelgusida atrof-muhit
ifloslanishini kamaytirish va Respublikada barqaror energiya ta’minotini yo‘lga
qo‘yishga yordam berishi mumkin.
O‘z navbatida, koreyalik hamkorlar
tomonidan taklif etilayotgan texnologiyalar mamlakatimizning ishbilarmon doiralari
vakillarida ham katta qiziqish uyg‘otib, Respublikada ishbilarmonlik muhiti salohiyati
yuksalib borayotgani, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi innovatsiyalar
va yashil texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgani
alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari
ham ishtirok etib, Koreya tomonining O‘zbekistondagi ekologik vaziyatni yaxshilashga
yordam berishi mumkin bo‘lgan va taklif etayotgan loyihalariga qiziqish bildirishdi.
Ular turli xildagi chiqindilarni qayta ishlash va bu bilan atrof-muhit, havo ifloslanishini
kamaytirish, shuningdek, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish strategiyasining
bir qismi sifatida ushbu texnologiyani joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga
tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu
loyihaning asosiy elementi chiqindilarni mexanik saralash va qayta ishlash hisoblanadi.
Chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida mexanik saralash keyinchalik ularni sanoat darajasida qayta ishlash
uchun samarali ajratish imkonini beradi. Bundan tashqari, organik chiqindilarni
issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan biogaz sifatida
qayta ishlash imkonini beradi. Bu nafaqat tabiiy chiqindilar hajmini kamaytirish,
balki qayta tiklanashi mumkin bo‘lgan manbalardan toza energiya ishlab chiqarish
imkoniyatini yaratadi. Ushbu pilot loyihalarni amalga oshirish maqsadida Toshkent
viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus yer maydolari ajratilib, yaqin
kunlarda qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston
fermer xo‘jaliklari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy davlatlarga
eksport qilish maqsadida meva-sabzavot, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari uchun
yagona savdo platformasini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. Dastlab, Janubiy
Koreyadan dengiz yo‘li bilan, keyinchalik Rossiyaning Vladivostok shahri orqali
O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga logistika yo‘nalishlarini
yaratish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Bu mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo-sotiq
bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini yanada
samarali tashish va saqlash imkonini beradi.
Umuman olganda, O’zbekiston va Koreya delegatsiyalari o‘rtasidagi
ikki tomonlama muzokaralar iliq va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi. Bu o‘z navbatida
O’zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya
o‘rtasida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, xususan har xil turdagi chiqindilarni
qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun dasturul-amal bo‘lib
xizmat qiladi.
A.A.Abdullaev,
O’TFQM
yetakchi mutaxassisi
Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid
26 01 2024 / 14:43