Quva –
O‘zbekistonning ko‘chat yetkazib beruvchi bosh manzillaridan biri.
Quva tumanida 2023-yil
davomida 101 million dona ko‘chat yetishtirildi. Undan 56 million donasi mevali
24 million donasi manzarali ko‘chatlar, 21 million donasi esa atirgul
ko‘chatlaridir, - deydi Quva tumani fermerlar uyushmasi mutaxassisi Umidjon
Rahimov.
Ayni kunda tumanning barcha
mahallalari, katta-kichik ko‘cha bo‘ylari, saroy va angarlari ulkan ko‘chat
sotish markazlariga aylangan. Ularni Quvaning asosan toshliq, ya’ni tezob
maydonlarida yetishtiradilar. “Fuitis Brend” mas’uliyati cheklangan jamiyati
asoschisi va bosh bog‘boni G‘ayratjon Mamadaliyev 41 gektar maydonda bog‘ va
ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadi. So‘nggi ikki yilda shaftolining UFO navini
mahalliylashtirdi.
–Buni ikki xili bor. Bunisi
UFOning ertaki navi. U 25-mayda pishadi. 2-3 kilo meva beradi. Bundan tashqari
olxo‘rining ikki xil navi bor. Blekslindr navi ertaki bo‘lib, suvli va
nihoyatda mazalidir, -deydi G‘ayratjon Mamadaliyev. –Bu navlarni Turkiyalik
hamkorlarimiz va O‘zbekistonda bog‘dorchilikda katta tajribaga ega Shuhrat
Abrorov, Mansur Yo‘ldoshev yordamida olib kelyapmiz.
G‘ayratjon 11 gektar maydonda
faqat danagidan undirilgan ko‘chatlar yetishtirmoqda.
–Shaftoli danaklarini kuzda
qumga aralashtirib ko‘mamiz. Bahor faslida ular unib chiqadi. Danakni yorib
unib chiqqan niholni ko‘chat uchun ekamiz, - deydi bog‘bon Hosilbek Qo‘chqorov.
–Undirilgan danakdan chiqqan ko‘chatning yana bir xususiyati shundaki uning
hosildorligi bahorda ekilgan danakdan chiqqan ko‘chatnikiga nisbatan ikki
barobar ko‘p bo‘ladi.
Shu kunlarda xaridorlar
o‘zlari kelib bog‘dan ko‘chatni tanlab olib ketishyapti. Istakka qarab,
ko‘chatlar tomiri o‘z tuprog‘i bilan yetkaziladi. Shunda ko‘chat ko‘chirib
ekilganini xis qilmaydi.
Undirilgan danaklar ekilgan
bog‘ni ko‘rib havasingiz keladi. Hammasi bir tekis, deyarli hammasida meva bor.
–Biz har bir yarim metr
oralig‘ida bittadan ko‘chatni bog‘ uchun qoldiramiz. Ular orasida 7-8 tadan
ko‘chat bor. Ularning har birini 15 mingdan sotamiz. Shunda bir gektar
ko‘chatzor 200 million so‘mdan ortiq daromad beradi. Shunday qilib danakdan
ekish natijasida ikki yilda ham bog‘ paydo bo‘ladi, ham fermer 200 million
so‘mdan ziyod daromad topadi, –deydi G‘ayratjon Mamadaliyev.
Quvada qaysi xondonga kirmang
asosiy ishidan keyin tomorqasida ko‘chatchilik bilan bandlar. “Teraktagi”
mahallasidagi Rustamjon Shermatovning 12 sotix tomorqasi bor. Unga o‘zi
qaraydi. Ko‘chatdan bo‘shagan maydonlarga o‘zi mexanizmda ishlov beradi.
–Har xil mevali va manzarali
ko‘chatlar yetishtirdim va ularni hovlimiz oldiga olib chiqib sotmoqdaman, –
deydi xonadon sohibi Rustamjon Shermatov. –Respublikamiz viloyatlari,
Tojikiston, Qirg‘iziston va hatto Turkmanistondan ham xaridorlar kelib olib
ketishyapti. Hovlimdagi ko‘chirilgan ko‘chatlar o‘rniga gul urug‘larini ekdim.
Ular 10-15 kunda unib chiqadi, kuzda ulanadi. Kelasi yilga esa atirgullar
sotuvga tayyor bo‘ladi.
Shu kabi xolni Qoraqum
mahallasida ham uchratasiz.
–Qoraqum MFYda 1118 ta xonadon
bo‘lib, ularda atirgulchilik va mevali – manzarali ko‘chatlar yetishtiriladi.
Har bir oila 10 sotix tomorqadan bir yilda 50-60 million so‘m daromad
olishmoqda, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Odiljon Hakimov.
Quva tumanining o‘zida bu yil
yuz million donadan ortiq ko‘chat yetishtirib savdoga chiqarishdi. Ularning bir
qismi chet eldagi xaridorlarga yuborilmoqda. Bu haqida Umidjon Rahimov g‘urur
bilan shunday dedi:
–Rossiya, Qirg‘iziston,
Tojikiston hatto Dog‘istonga ham eksport qilyapmiz. Atirgullarni esa Polsha va
Turkiyaga jo‘natilyapti. Mana bu ko‘rib turgan yuk mashanalarida Qirg‘izistonga
300 millionta ko‘chat jo‘natyapmiz.
–Qirg‘izistondan keldik, –
deydi Baxtiyor G‘afurov. –Prezident Mirziyoyev yo‘llarni ochgandan keyin
Quvadan Bishkekka har yili ko‘chat olib ketaman. Quvaliklar bilan aka-uka
bo‘lib qolganman. Zuhriddindan ko‘chat olsam, archani Husniddindan olaman.
Quvaning ertapishar qantaki
o‘rik, anjir shaftolisi, shirali olxo‘ri-yu, qirmizi olma ko‘chatlari
xonadonlarimizga rizq va ko‘rk kiritmoqda.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), OʻzA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 03 2024 / 14:17