15:16 / 12.03.2024
Prezident
Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va
eksportga jalb etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda
davlatimiz rahbari 2023-yil 18-dekabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor
yig‘ilishida aytgan edi. Shundan so‘ng, ekspertlar ishtirokida tadbirkorlarning
takliflari asosida yangi yondashuvlar ishlab chiqildi.
Tahlillarga
ko‘ra, o‘tgan yili eksportchi korxonalarga 665 milliard so‘mlik yordam
ko‘rsatilib, 3 milliard 200 million dollarlik eksport ta’minlangan. Lekin ayrim
tarmoq va hududlarda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmagan. Elektr
texnikasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, zargarlik tarmoqlarida eksport
o‘rtacha ko‘rsatkichlarga yetmagan. Uyushmalar tomonidan 2 ming 709 ta
salohiyatli eksportchilar qamrab olinmagan, ularga haligacha biror yordam
ko‘rsatilmagan.
Shu bois
hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit
tizimda birlashtirish maqsad qilinmoqda. 12 ta tarmoq va sanoat uyushmasini
Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu orqali loyiha
tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan
tashkilotga o‘tadi. Natijada ularning talab va istaklarini eshitish,
muammolarini hal qilish osonlashadi, tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi
kuchayadi.
Rivojlangan
mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, sohadagi agentlik va jamg‘armalar
o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan
malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni
xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga
ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu
kompaniya tomonidan subsidiya, kompensatsiya va boshqa ko‘maklar
tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida ajratiladi.
Shuningdek,
“O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvi hamda Savdo-sanoat
palatasi bilan aloqalari kuchaytiriladi. Barcha tumanda Tadbirkorlarni
qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlaydi.
Prezidentimiz
iqtisodiy islohotlardan asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish ekanini
ta’kidlab, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Uyushmalarning
vazifa va natijadorligini ko‘rib chiqish, rahbar va xodimlar malakasini
oshirish muhimligi qayd etildi. Asosiy ishni hududlarda tashkil etib, yangi
loyihalar ishlab chiqish, tadbirkorlarni eksportga jalb qilish bo‘yicha
ko‘rsatmalar berildi.
Mutasaddilar
bu yil mahalliy sanoat eksporti hajmini 12 milliard dollarga yetkazish rejalari
to‘g‘risida axborot berdi.
UzAdan olindi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 03 2024 / 15:41