O‘zbekistonda bosh vazir rahbarlik qiladigan
meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha komissiya tuziladi. Prezident savdo uylarini
tadbirkorlar boshqaruviga berish, tomorqasida meva-sabzavot
yetishtirayotganlarni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rish
va boshqalarni qo‘llab-quvvatladi.
Shavkat Mirziyoyev
18-mart kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida
investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha yig‘ilish hamda ushbu
sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Davlat rahbari bundan
buyon yig‘ilishlar har bir soha korxonalari vakillari bilan uchrashuv tarzida,
ularni qiynayotgan masalalarga yechimlari bilan o‘tkazilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishga 100 dan ziyod eksportchi-tadbirkorlar va logistika korxonalari
vakillari taklif qilindi.
Prezident Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi
savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, shuningdek, Nagoya (Yaponiya),
Mersin (Turkiya), Rotterdam (Gollandiya), Sindao (Xitoy), Klaypeda (Litva),
Doha (Qatar) kabi yirik port shaharlarda savdo uyi ochish taklifini
qo‘llab-quvvatladi.
Yaqinda Yuqori
Chirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ilk
xususiy laboratoriya ochildi. 2024-yil 8 million
dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Farg‘ona va Samarqand
shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi, dedi
Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida Referens
laboratoriya tashkil etilib, xususiy laboratoriyalar ishining xalqaro
standartlarga mosligi ta’minlanadi. Bunga Jahon bankidan jalb qilingan
mablag‘lar hisobidan 12 mln dollar beriladi. Bundan buyon, xalqaro tan olingan
reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat
olish talab etilmaydi.
Mutasaddilarga boshqa laboratoriyalarni ham xalqaro
akkreditatsiyadan o‘tkazish, meva-sabzavot sifatiga xorijiy davlatlarning
milliy talablarini o‘rganib, eksportchilarga yetkazish bo‘yicha topshiriq
berildi.
Prezident xalqaro
ko‘rgazmalarda qatnashish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi.
Bunda tadbirkorlarning reytingi asosi qilib olinadi. Yuqori va o‘rta reytingga
ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz
oldindan to‘lanadi. Past reytinglilar ko‘rgazmada ishtirok etganini
tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin, xarajatining 50 foiz qismi qoplab
beriladi.
Ko‘plab eksportchi korxonalarni qiynayotgan
masala — aylanma mablag‘. Shu bois joriy yilda Biznesni
rivojlantirish bankidan ushbu maqsadlar uchun 1,5 trillion so‘m resurs
yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar evaziga eksportchi korxonaga fermer
va tayyorlov ombori bilan tuzgan shartnoma summasining 50 foizigacha
imtiyozli kredit beriladi. Kreditlar 18 foiz stavkada 6 oy imtiyozli davr
bilan 1,5 yil muddatga ajratiladi.
Meva-sabzavot sanoat mahsulotlariga qaraganda tez
buzilishi, sifatini yo‘qotishi sababli mahsulot turidan kelib chiqib, yo‘qotish
miqdori 10 foizgacha belgilanadi. Ho‘l meva, sharbat, qandolat, murabbo, jem
kabi bir xil haroratda yetkazish talab etiladigan mahsulotlar uchun sovutgichli
yuk konteynerlari olib kelinadi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tabiiy yo‘qotish
va sifat buzilishini kamaytirish uchun qadoqlashga ham alohida e’tibor
qaratish lozim. U bu yo‘nalishda zamonaviy korxona tashkil qilib,
tajribali dizaynerlarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Aholi tomorqalari va ekin
yerlarida sarxil meva-sabzavotlar yetishtiriladi. Ularni naqd pulga sotib olib,
eksportga tayyorlab beradigan ta’minotchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar
kabi faoliyat yuritadi va aylanmasidan qat’i nazar, barcha soliqlardan
ozod bo‘ladi.
2024-yil bu yo‘nalishda kamida 100 trln so‘mlik
mahsulot ishlab chiqarish va 1 mlrd dollar eksport qilish, hududiy
dasturlar doirasida 833 mln dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja
qilingan. Bu sohadagi loyihalarga yo‘naltirish uchun banklarga 310 mln
dollar mablag‘ taqsimlangan. Ushbu choralar orqali tayyor oziq-ovqat eksportini
200 mln dollarga olib chiqish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan
masalalardan kelib chiqib, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha
bosh vazir rahbarligida komissiya tuzilishi belgilandi.
Shuningdek, ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash,
qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan
uch yillik dastur tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi eksporti bilan
shug‘ullanuvchi 2 ming 362 ta korxonaga ko‘maklashish, ularning safini
kengaytirish choralari ko‘riladi. Eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni”
yaratilib, hududlarda mavjud mahsulotlar, tashqi bozordagi talab
va narxlar to‘g‘risida ma’lumot almashib boriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot eksportning
80 foizi 5 ta davlat bozorlariga to‘g‘ri kelishini, bu qishloq xo‘jaligi
eksportining asosiy qismi “narxlari kilogrammi 1 dollardan past bo‘lgan
bozorlarga” ketishini aytgandi.
O‘tgan yili 52 davlatga 126 ming tonna uzum eksport
qilingan bo‘lsa, shundan 98 ming tonnasi (77,7 foizi) 12 davlatga kilogrami 1
dollardan arzon narxda sotilgan. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda sabzavot
va mevalar savdosi 1,76 mln tonnaga (+1,1 foiz), qiymat jihatidan esa 1,18
mlrd dollarga (+3,3 foiz) oshdi. Meva-sabzavot eksportining asosiy bozorlari
Rossiya (37 foiz), Pokiston (16,7 foiz), Xitoy (12,3 foiz) va Qozog‘iston (10,3
foiz) bo‘ldi.
gazeta.uzdan olindi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 03 2024 / 12:36