Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi



Ulashing :


Oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi


not found

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar har bir qonun loyihasini chuqur muhokama qilib, ularning jamiyat hayoti uchun, oddiy fuqarolar uchun nechog‘lik zarur ekanligiga e’tibor qaratdi. Qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida o‘z fikr va takliflarini bildirib, loyihalarni qo‘llab-quvvatladilar.

Dastlab yig‘ilishda Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiquvchi partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida birgina o‘tgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘m, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga 1 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emas. Bu borada 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti.

Videoselektor yig‘ilishida bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liqligi, ko‘p mahsulot yetishtirish bilan birga eksportga qulayliklarni kengaytirmasa, natija kutilgandek bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Munozaralar davomida deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosini ta’minlash O‘zLiDeP va uning deputatlik korpusi zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini alohida qayd etdilar. Mazkur topshiriqlardan kelib chiqadigan partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohalarini rivojlantirish hamda soha tashkilotlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qonun loyihasi bilan shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklarni kuchaytirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini ko‘rib chiqish davomida uning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. O‘z navbatida, loyihadagi ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlarini savollarga tutishdi. Muhokamalar davomida berilgan barcha savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olishga, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini ta’minlashga, aholining sog‘ligi, hayoti va xavfsizligini ta’minlashga, qurilish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

27 03 2024 / 9:45