Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Markazda “O‘zbekistonda eksportbop va ijtimoiy ahamiyatga ega meva-sabzavotlar yetishtirishda ko‘chat va urug‘ ta’minoti” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi



Ulashing :


Markazda “O‘zbekistonda eksportbop va ijtimoiy ahamiyatga ega meva-sabzavotlar yetishtirishda ko‘chat va urug‘ ta’minoti” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2024 yil 29 mart kuni O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni ko‘llab-quvvatlash markazining majlislar zalida “O‘zbekistonda eksportbop va ijtimoiy ahamiyatga ega meva-sabzavotlar yetishtirishda ko‘chat va urug‘ ta’minoti” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi, “Uzstandart” agentligi, Xalqaro FAO tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi ekspertlar, shuningdek tadbirkor va fermerlik subyektlari vakillari va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda agrar sektorning asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan eksportbop va ijtimoiy ahamiyatga ega meva-sabzavotlar yetishtirish hamda unga ixtisoslashgan fermerlik subyektlarini sifatli, hosilbop ko‘chat va urug‘ ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalariga aylanmoqda.
Aytib o‘tish joizki, birgina o‘tgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shuningdek, har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga 700 mlrd so‘m, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga 1 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emas. Bu borada 1 mln gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti.
Shu boisdan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PQ–113-son, 5.04.2023y.) qarori, Vazirlar Mahkamasining “2023-2026 yillarda o‘zbekiston respublikasida urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi (VM-51-son,2.02.2023y.) qarori, “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PF-36-son, 16.02.2024y.) Farmoni ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Dastlab, yig‘ilishda joriy yil 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida investitsiyalarni jalb qilish va eksportni ko‘paytirish masalalari yuzasidan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Ushbu masalalardan kelib chiqqan holda, davra suhbatida O‘zbekiston meva-sabzavotchiligi seleksiyasi va urug‘chiligining hozirgi holati, urug‘chilik va ko‘chatchilikni tahlil qilish, birlamchi va nav urug‘chiligi yo‘nalishlarini rivojlantirish, sertifikatlash tizimini joriy etish, mualliflik huquqini himoyalash kabi dolzarb muammolar qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi.
Qayd etish joiz, bugungi kunda fermerlar intensiv texnologiyalarni joriy qilayotgani, korxonalar yangi yo‘nalishlar ochayotganiga qaramay navlarga bo‘lgan haq-huquqlarni himoya qilish, navlar va duragaylarni moslashtirish, ilgari surish, yuqori sifatli urug‘ va ko‘chatlarni tijorat maqsadida yetishtirishda uchrayotgan muammolarga yechim topish masalalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chilik va ko‘chatchilik sohasida ilg‘or xalqaro tajriba va ilmiy asoslangan zamonaviy resurs tejaydigan va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, duragaylarni yaratish, intensiv sog‘lom ko‘chatlar yetishtirish, nav mualliflari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarini (nav originatorlari) huquqiy himoya qilish va rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni sifatli urug‘liklar va ko‘chatlar bilan barqaror ta’minlash tizimini yaratish masalasi dolzabrligicha qolmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda sohada yana bir muhim yo‘nalishlardan biri yurtimizdagi laboratoriyalar xalqaro standartlarga mos emasligi oqibatida o‘zbek meva-sabzavotlariga ishonch pasayib borayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Umuman olganda, yig‘ilish davomida urug‘ va ko‘chat yetishtirish, eksportni rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish borasida taklif va tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirishda ekin ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish kabi masalalar yuzasidan bir qator fikr-mulohaza, taklif va tavsiyalar berildi. Shunindek, mamlakatimizda urug‘ va ko‘chatlarni import qilish tartibi va ularga berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida mas’ul xodimlari tomonidan axborot berib o‘tildi.





Sarlavxa :
Iqtisodiyot

02 04 2024 / 15:37