Tadbirkorlar soha qiyin ahvolda qolgani, davlatning qo‘llovi tadbirkorlargacha yetib bormayotgani, sutning ulgurji narxi tushib ketgani, tartibli tizimning yo‘qligi, byurokratiya va boshqa qator noqulayliklar ortidan soha jar yoqasiga kelib qolganini aytishdi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan onlayn muloqot shaklida tashkil qilingan muhokama davomida sut yetishtiruvchi tadbirkorlar soliqqa tortish, yerga egalik hamda byurokratiya bilan bog‘liq muammolar hamda sutchi fermerlarning vaqti ko‘proq huquqiy muammolarni hal qilishga ketayotganini aytildi.
Qizig‘i shundaki, qo‘mita raisi o‘rinbosari savol va talablarga javob qaytarar ekan, yig‘ilganlardan uni videotasvirga olmaslikni so‘radi.
Tilga olingan muammolar qatorida chorvadorlar chorvachilikni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yetarli emasligi, soha zamonga, bozor tamoyillariga mos fundamental tadbirlarga muhtoj ekanini qayd etishdi.
Shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli ko‘plab fermerlar bir bosh qoramol uchun lozim bo‘lgan yer normativlariga mos ravishda yerga ega bo‘lolmayotganliklarini, bozor munosabatlariga tugal o‘tish jarayoni yo‘lida to‘siqlar mavjudligini, tadbirkor ishiga byurokratik aralashuv yo‘llari hamon mavjudligi, natija o‘laroq fermerlar rasmiyatchilik va o‘z huquqlarini himoya qilish masalalari bilan ovora bo‘lib qolayotganlarini aytildi.
Davlat tomonidan sohani subsidiyalash choralari yetarli emasligi natijasida o‘zbek fermeri chet el fermerlari — o‘z davlatidan katta subsidiyalar oladigan chorvadorlar bilan o‘z yurtida raqobatda yutqazayotganlarini, davlat subsidiyasini olish masalasi byurokrat irodasiga (qo‘l qo‘yish-qo‘ymasligiga) bog‘liq bo‘lib qolayotganini, bu tezda hal qilinishi lozim bo‘lgan, inson faktorisiz amalga oshishi lozimligini ta’kidladi.
Elektr energiyasi iste’moli uchun paxta va bug‘doyga ixtisoslashgan fermerlardan farqli o‘laroq, chorvadorlar uchun kompensatsiyalar joriy qilinmaganini, shuningdek, mahalliy hokimlar tomonidan chorvadorlarning o‘zlariga ajratib berilgan yerda paxta va bug‘doy yetishtirishga majburlanayotgani holatlari mavjudligini ham aytib o‘tildi.
Fermerlarni noqonuniy ravishda qo‘shimcha ishchi olishga majburlab, hisobot «yaxshilanayotgani» va «soliq yig‘ish muammosi hal qilinayotgani», bunday holatlar hatto fermerga aytilmasdan qilinayotgani ham tilga olib o‘tildi.
Tadbirkorlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan fermerlar o‘rtasida konstruktiv aloqa yo‘lga qo‘yilmagani, chorva yuqumli kasalliklari mamlakatga kirib kelishining oldini olish choralari kuchaytirilishi lozimligini aytishdi.
Shokir Sharipov tayyorladi.