
“Yangi O’zbekistonni barpo etishda siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish” mavzusidagi o‘quvlar davom etmoqda.
O‘zLiDePning respublika ijtimoiy-siyosiy maydonidagi rolini yanada oshirish maqsadida xalq xo‘jaligi sohalaridagi kadrlar, xususan, partiyaning mutaxassis-xodimlari, viloyat, shahar va tuman kengashlari, deputatlik va jamoatchilik guruhlari a’zolari, shuningdek, tadbirkorlik va fermerlik sub’ektlari vakillari ishtirokida o‘quv seminarlari bosqichma-bosqich o‘tkazib borilmoqda.
O’zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni ko‘llab-quvvatlash markazida “Siyosiy partiyalar – jamiyatning muhim siyosiy instituti: bu borada O‘zLiDePning o‘rni va roli” mavzusida tashkil etilgan o‘quv seminarlarida boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarni O‘zLiDeP huzuridagi “Taraqqiyot” siyosiy ta’lim markazi mutaxassislari hamda boshqa nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali ekspert-olimlari olib borishmoqda.
O’zbekistonda huquqiy-demokratik va ijtimoiy davlat qurishda tom ma’nodagi huquq ustuvorligi, plyuralizm va ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirish mamlakatning strategik taraqqiyotini belgilab beruvchi omillardan biri sanaladi. Davlat boshqaruvida “o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati” tamoyiliga xizmat qiladigan partiyalar o‘rtasida sog‘lom va konstruktiv raqobatni shakllantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi. Siyosiy raqobatning mumtoz va zamonaviy modellariga murojaat qilish, ijtimoiy transformatsiya va modernizatsiya jarayonida siyosiy partiyalarning ishtirokini kuchaytirish hamda hokimiyat rotatsiyasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev: “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi. Biz nafaqat O‘zLiDeP, balki barcha partiyalar misolida ana shunday qudratli, safarbar etuvchi kuchni ko‘rishni istaymiz”, deya ta’kidlagani bejiz emas.
Ko‘ppartiyaviylik siyosiy partiyalarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini amalga oshirishga imkon beruvchi muhitni shakllantirish bilan bevosita bog‘liq. Aynan ko‘ppartiyaviylik tizimining mavjud holati, uning taraqqiyot yo‘nalishlari ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning jamiyatdagi mavqeini belgilovchi faktordir. Uning tahlili esa O’zbekistonda siyosiy partiyalarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni qanday bo‘lishi, qanday yo‘nalishlarda rivojlanishi mumkinligini tushunib olishga xizmat qiladi.
O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan turkum o‘quv-seminarlarida Yangi O’zbekistonda yangilanish va taraqqiyot omillari, jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish, erkin va kuchli iqtisodiyotning muhim sharti va garovi, qonun va adolat ustuvorligini ta’minlashda siyosiy partiyalarning, xususan, O‘zLiDePning o‘rni va roli qanday bo‘lishi kerakligi va boshqa masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishi, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy integratsiyalashuvda siyosiy partiyalar ishtirokini kengaytirish hamda partiyalararo raqobatni rivojlantirishga qaratilgan bir qancha taklif va tavsiyalar ilgari surilmoqda.
Birinchidan, bugungi kunda siyosiy partiyalarni davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar borasida doimiy izlanishlar olib boradigan, aholini (elektoratni) qiynayotgan muammolar yechimlari yuzasidan aniq va manzilli dasturlar ishlab chiqadigan, davlat boshqaruv organlari ustidan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy hamkorlik o‘rnatadigan “aql fabrika”lariga aylantirish zarurati mavjud.
Ikkinchidan, O’zbekistonda faoliyat olib borayongan siyosiy partiyalarni vakillik demokratiyasi institutiga aylantirish uchun, eng avvalo, ularning ish samaradorligini oshirish, elektorat bilan ishlashda yangi, XXI asrga xos innovatsion ijtimoiy mexanizmlarni qo‘llash hamda partiyalararo sog‘lom raqobat muhitini yaratish lozim.
Uchinchidan, davlat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy tizimi shaffofligi va legitimligini ta’minlash, avvalo, xilma-xillik muhitini yaratish hamda siyosiy plyuralizmga ham bog‘liqdir. Partiyalararo raqobat va fraksiyalararo kurash mexanizmlarini yanada takomillashtirish talab etiladi. Ta’kidlash lozimki, ko‘ppartiyaviylik tizimi o‘z-o‘zi bilan demokratiyani yoki raqobat muhitini yaratmaydi.
To‘rtinchidan, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida ilgari surilayotgan ulkan islohotlarning qay darajada muvaffaqiyatli kechishi ushbu yilda mamlakatimizda kutilayotgan parlament hamda mahalliy vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ta’kidlash lozimki, bugun O’zbekistonga tom ma’nodagi demokratik saylovlar, demokratik partiyalar va demokratik parlament juda zarur.
O‘zLiDeP matbuot xizmati
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 06 2024 / 17:05