Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritiladi



Ulashing :


Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonunda bandlikni rag‘batlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamlar, ya’ni subsidiyalar ularning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun bilan ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarining elektron shaklda yuborish shartlari berilayotgani ta’kidlandi.

Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish tartiblari takomillashtirilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshiradi.

Majlisda Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Jumladan, Toshkent shahrida 2024 yil 1 aprel holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 135,1 mingtani tashkil etgan, 2023 yilning yanvar-mart oylarida 4 ming 189 yangi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etilgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2024 yilning o‘tgan 4 oyida 16 mingdan ortiq loyihaga 402 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.

Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bahorgi ko‘chat ekish mavsumi doirasida Toshkent shahrida 690 mingta manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari ekilib, reja 115 foizga bajarilgan.

Shu bilan birga, majlisda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash borasida mavjud muammolarga e’tibor qaratildi.

Xususan, 2023 yil yakuni bilan 327 korxona 10,2 trillion so‘mlik zarar bilan yakunlagani, sanoat zonalarida tashkil qilingan tadbirkorlarning to‘liq va uzluksiz faoliyat olib borish uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratilmagani, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan foydalanilmagani mas’ul rahbarlarga ko‘rsatib o‘tildi.

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi orqali tabiatga zarar yetkazilgani, “Yashil belbog‘”, “Yashil bog‘”, “Hokimlik bog‘lari” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish ishlarni yanada jadallashtirish kerakligi, atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini olib boruvchi kuzatuv punktlarini onlayn tartibda axborot olish imkonini beradigan avtomatik o‘lchov asboblari bilan jihozlash ishlarini oxiriga yetkazish zarurligi qayd etildi.

N.Abduraimova, O‘zA





Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

10 07 2024 / 14:39