Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlari kengaytiriladi



Ulashing :


Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan Yer kodeksiga hamda «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi, shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, agrosanoat klasterlari va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yanada rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

N.Abduraimova, O‘zA