Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Byurokratik to‘siqlar qisqartirilmoqda



Ulashing :


Byurokratik to‘siqlar qisqartirilmoqda

Munosabat

So‘nggi yillarda yurtimizda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik va yengilliklar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida olib borilayotgan barcha ishlar xalqimizni davlatdan rozi bo‘lishi, xizmatlardan qulay va shaffof foydalanishiga e’tibor qaratilgan.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 23 mart kuni Prezidentimizning “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan tanishar ekanmiz, u tom ma’noda aholini qiynayotgan juda ko‘plab byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishini, aholi va tadbirkorlarni idorama-idora sarson bo‘lib yurishiga chek qo‘yishiga ishonish mumkin.

Xususan, 2021 yil 1 iyundan davlat xizmatlari ko‘rsatish va ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish bo‘yicha bir qancha yengilliklar yaratilmoqda. Yetti turdagi fuqarolik holati dalolatnomalari (tug‘ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o‘lim, ism va familiyani o‘zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi. Notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi.

Tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda yuridik shaxsning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda yuritishga o‘tiladi, bunda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi.

Yana bir yangilik, 2021 yil 1 maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat boji to‘lovini elektron tarzda YAIDXP orqali qabul qilish imkoni yaratiladi. 2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish hamda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirish tizimi joriy etiladi.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, joriy yil 1 iyundan boshlab, Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ sifatida belgilanib, davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur farmonda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlatxizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishi uchun byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha yana ko‘plab qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Jasur Qayumov,

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

boshlig‘i o‘rinbosari

O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

19 04 2021 / 13:57