O‘zbekistonda Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi
O‘zbekistonda 1-dekabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan
Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Bu “mahalla yettiligi” tomonidan
kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish
sabablarini o‘rganish orqali amalga oshiriladi.
1-dekabrdan boshlab O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi
tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Bu 23-sentabr kuni
imzolangan prezident farmonida nazarda tutilgan, deya xabar berdi Adliya
vazirligi.
Reyestr “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy
sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida
shakllantiriladi. Prezident farmoni kambag‘allikni qisqartirish va aholi
turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga
olib chiqishni nazarda tutadi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming,
2025-yilda 1 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat
ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari
va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
“Kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va
to‘plangan milliy tajriba hamda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir
fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga
undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga
qaratilgan „Kambag‘allikdan farovonlik sari“ dasturi amalga oshiriladi hamda
dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi”,
deyiladi farmonda.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi 2024-yil 1-noyabrdan
quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat
va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:
·
barqaror bandlik
va yuqori daromad topishga erishish;
·
ta’lim olish
va kasb-hunar o‘rganish;
·
kafolatlangan
davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
·
ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
·
yashash sharoitlarini yaxshilash;
·
davlat tomonidan
mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
·
davlat organlari
xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish.
Shuningdek, 2025-yil
1-yanvardan:
·
kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam
olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini
o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa
va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p
bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;
·
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan
oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga
kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz
stavkada to‘lanadi;
·
kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga
layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali
foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining
bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini
nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda
ko‘rsatiladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
24 09 2024 / 16:27