Jahon banki
O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar
miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. U ijtimoiy himoya
tizimi, temiryo‘l va energetika sohalari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash
va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini
qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik imtiyozli kreditlar
ko‘rinishidagi moliyaviy paketni tasdiqladi, deya xabar bermoqda Jahon banki matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, islohotlar dasturi mamlakatda
ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l
va energetika sektorlarida samaradorlikni oshirish, davlat moliyasini
boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish
imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakatni atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan
bog‘liq xatarlarga tayyorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni
o‘z ichiga oladi.
Mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud
bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkalarida
va kreditni qoplash uchun uzoqroq muddatlar bilan taqdim etiladi. “Bu
O‘zbekistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga
yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi moliyaviy resurslarni tejashga
yordam beradi”, — deyiladi bayonotda.
Islohotlar quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni ko‘zlaydi:
1.
Ijtimoiy himoya
tizimi: Fuqarolarning muayyan toifalari uchun ishsizlik,
kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish;
2.
Gender
zo‘ravonlikka qarshi kurash: Maishiy
va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining huquqlarini yanada samarali himoya
qilish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish;
3.
Fermerlarning
qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va ulardan foydalanish
huquqlarini ta’minlash: Ushbu
huquqlarga rioya etilishini kafolatlovchi mexanizmlarni rivojlantirish.
Ularning qonunchilikda mustahkamlanishi fermerlarni xo‘jalik yuritishning
yanada samaraliroq usullariga sarmoya kiritishga rag‘batlantiradi. Bu, o‘z
navbatida, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorligi va iqlim o‘zgarishlariga
chidamliligini oshiradi;
4.
Ishbilarmonlik
muhitini yaxshilash: Investorlarning
huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlaydigan
qonun hujjatlarini ishlab chiqish. Shuningdek, bu investorlar uchun
xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi hamda katta hajmdagi xorijiy
va ichki investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratadi;
5.
Davlat
moliyalarini boshqarish: Fiskal risklar
bo‘yicha hisobot mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini
boshqarishni takomillashtirish. Ushbu chora-tadbirlar budjet mablag‘laridan
foydalanishning shaffofligini va samaradorligini oshiradi;
6.
Iqlim o‘zgarishiga
qarshi kurashish: Iqlim o‘zgarishiga
hissa qo‘shadigan atmosferaga chiqindilar chiqarishni qisqartirishni rag‘batlantiruvchi
qonunchilikni ishlab chiqish. Ushbu qonunchilik, shuningdek, iqtisodiyotning
eng ko‘p energiya sarflaydigan tarmoqlarida energiya samaradorligini
rag‘batlantirishga ham qaratilgan;
7.
Suv resurslarini
boshqarish: Suv resurslaridan
foydalanish samaradorligini oshirish hamda suv yetkazib beruvchilar
va suvdan foydalanuvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish uchun
institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish. Ushbu choratadbirlar,
shuningdek, sohaga davlat investitsiyalarini jalb qilish va qo‘shni davlatlar
bilan muvofiqlashtirilgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni
yaxshilash imkonini ham beradi;
8.
Atrof-muhit va
iqlimga ta’sirni baholash: Iqlim o‘zgarishi,
ekologik omillar va havoning ifloslanishi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga,
shuningdek, odamlarning sog‘lig‘i va farovonligiga ta’sirini baholash
bo‘yicha hokimiyat salohiyatini rivojlantirish. Bu, shuningdek, atrof-muhitni,
shu jumladan atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti
suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatni
rivojlantirishni ham nazarda tutadi;
9. Iqlim o‘zgarishiga
chidamlilikni oshirishga investitsiyalar: Xususiy investorlar
tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik jihatdan toza loyihalarda davlat
investitsiyalarining ulushini oshirish. Ushbu yondashuv mamlakatga tugab
borayotgan tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish va “yashil”
iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish imkonini beradi;
10. Temiryo‘l sektori: Temir yo‘l
sektorining samaradorligi va daromadliligini oshirish, temir yo‘l
infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish
va ushbu sektorda atmosferaga chiqadigan chiqindilarni qisqartirish uchun
huquqiy bazani yaxshilash;
11. Energetika sektori: Sektor faoliyati
samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy
investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tariflari tizimini isloh
qilish. Aholining zaif qatlamlarini tariflar oshishi oqibatlaridan himoya
qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta
tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini
kengaytirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.
газета.уз dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 10 2024 / 15:46