Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

"KRЕATIV IQTISODIYOT TO‘G‘RISIDA"GI QONUN QABUL QILINDI



Ulashing :


"KRЕATIV IQTISODIYOT TO‘G‘RISIDA"GI QONUN QABUL QILINDI
08.10.2024

Prezident tomonidan 03.10.2024 yilda "Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida"gi O‘RQ-970-sonli Qonun imzolandi.
Ushbu Qonunning maqsadi kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Hujjat kreativ iqtisodiyot sohasidagi asosiy tushunchalarni va kreativ industriya subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini mustahkamlaydi.
Kreativ industriya – ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek intellektual mulk ustuvorligiga asoslangan va iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyat turlarining majmui.
Kreativ industriya sohasi quyidagi faoliyat yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi: ·
adabiy ijod;
amaliy san’at va hunarmandchilik;
arxitektura, loyihalash va urbanistika;
audiovizual va ijrochilik san’ati;
konsert-tomosha faoliyatini va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
moda va dizayn san’ati;
muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazmalar) va kutubxonalar faoliyati;
nashriyot va matbaa sohasidagi ijodiy faoliyat;
ommaviy axborot vositalari sohasidagi va internet orqali amalga oshiriladigan ijodiy faoliyat;
raqamli texnologiyalar va reklama sohasidagi ijodiy faoliyat va boshqalar.

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati fuqarolarning kreativ industriya sohasida o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish vazifasini qo‘yadi.
Bunda qonunda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari orasida moliyaviy, mulkiy, ta’lim va axborot choralari ajratib ko‘rsatiladi. Vazirlar Mahkamasi kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi kreativ industriya sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan maslahat organi hisoblanadi. Kengashning ishchi organi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hisoblanadi.
Qonunda O‘zbekiston hududi doirasida eksterritoriallik tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan Kreativ industriya parkiga alohida e’tibor qaratilgan. Park rezidentlari bo‘lib, ushbu sohadagi faoliyatidan olingan daromadi umumiy olingan yillik daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan kreativ industriyalar subyektlari bo‘lishi mumkin.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 4 oktyabrdan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

08 10 2024 / 15:59