Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Toshkent viloyati yoshlari ajratilgan yerlardan unumli foydalanmoqda



Ulashing :


Toshkent viloyati yoshlari ajratilgan yerlardan unumli foydalanmoqda

Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 27 yanvar kuni “Yoshlar uchun ish o‘rni yaratish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish” masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlariga asosan, Toshkent viloyati yoshlariga turli sabzavot va dukkakli ekinlar yetishtirishi, daromad olishi va bozorlarni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shishi uchun yer maydonlari taqsimlanib berilyapti.

Xususan, O‘rta Chirchiq tumani 3-sektori hududidagi "O‘rtabo‘z" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 13 nafar va Burgalik mahallasida yashovchi 10 nafar "Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turuvchi yoshga hududdagi fermer xo‘jaligining unumdor yerlaridan 25 sotixdan 1 yil muddatga foydalanish uchun yer maydonlari ajratilgan edi.

Bugun yoshlarga ajratilgan yer maydonlari tuman hokimligi tashabbusi bilan ekishga tayyorlanib, dukkakli ekinlar ekildi.

Hozir Oqqo‘rg‘on tumanida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami yoshlar 2 ming 112 nafarni tashkil etadi. Shularning ichidan yer olib, dehqonchilik qilish istagini bildirgan yoshlarga o‘zlari yashayotgan hududdan 30 sotixdan yer maydoni ajratib berilmoqda.

Jumladan, “Tortuvli” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 23 nafar yoshlar o‘zlarining yashash hududlariga yaqin joylardan dehqonchilik qilib daromad olishlari uchun yer maydonlari taqsimlab berildi.

Mazkur sa’y-harakatlar zamirida hukumatimiz tomonidan har qanday vaziyatda ham yoshlar bandligini ta’minlash va shu bilan aholi turmush tarzini va farovonligini yanada oshirish singari maqsadlar yotibdi.

Joriy yilning 17 aprel kuni Yuqori Chirchiq tumani hokimi U.Atemov rahbarligida "Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turgan ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik, nogironligi mavjud yoshlarga yer ajratildi. Hududdagi "Iyk ota" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 10 gektar yer maydoni 40 nafar nogironligi mavjud yoshlarga 25 sotixdan tayyor holatda topshirildi.

Yuqori Chirchiq tumani kesimida jami 357 nafar yoshlarga 89 gektar 25 sotix yer foydalanish uchun berildi.

Ushbu amaliy tadbirda tuman hokimining Yoshlar siyosatini ijtimoiy rivojlantirish ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D.Asqarov, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari R.Utamaliyev, tuman Yoshlar ishlari Agentligi rahbari N.Xojiyev, mahalla raislari hamda yoshlar ishtirok etdi.

A.Musayev, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 04 2021 / 14:12