Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tomorqadan xazina topgan oila



Ulashing :


Tomorqadan xazina topgan oila

Tomorqa – har bir oilaning bamisoli xazina manbai. Farg‘ona viloyatida kaftdek yerdan omilkorlik bilan foydalanib, mo‘maygina daromad olayotgan oilalar ko‘plab topiladi.

O‘zbekiston tumanidagi “Qirqketmon” mahalla fuqarolar yig‘inida 511 ta xonadon bo‘lib, 2 ming 416 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular 42 gektardan ortiq maydondagi tomorqadan samarali foydalanib, ro‘zg‘ori obodligini ta’minlamoqda. Shuning uchun mahallada kambag‘al oilalar yo‘q, hisobi. bugungi kunda yuzdan ortiq xonadonda issiqxonalar bo‘lib, to‘rt mavsumda ham ularda ish qizg‘in.

Mo‘minjon Mamatovning xonadoniga barcha havas qiladi. Boisi, xonadon sohibining tomorqadagi tajribasidan o‘rnak olsa arzigulik. Mehnat qilgan kishining ro‘zg‘orida baraka bo‘ladi. Buni saranjom-sarishtalik va fayz aks etib turgan mazkur xonadondan yaqqol bilish mumkin.

Mo‘minjon aka 4 nafar farzand va 5 nabiraning bobosi. 3 qizini turmushga uzatgan. Bir o‘g‘li tomorqa ishlari-yu, ro‘zg‘orni but tutishda yaqindan ko‘makchi. Xonadonda tashkil etilgan 2 sotixli 2 ta issiqxonada limon ko‘chatidan tortib, kartoshka, pomidor, bodring, piyoz, turli rezavor ko‘katlar va hatto qulupnaygacha yetishtirilmoqda.

Dastlab, 2012 yilda gulchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan mirishkor oila tomorqachilikning haqiqiy hadisini olgan. O‘tgan yili parvarishlanayotgan 30 xil turdagi gullardan olingan 20 million so‘mdan ortiq daromad cho‘g‘ini bu yil ham pasaytirishmoqchi emas.

– Kartoshkani 15 yanvarda ekkan edim, mana ildizini tuprog‘idan ajratmay alohida qoplarga joylab chiqdim, rivojlanishi binoyidek, – deydi Mo‘minjon aka. – Uning yerdagi o‘rniga ko‘katlar ekkanman. O‘ziga xos iqtisod-da bu, yerdan unumli foydalanishda foyda ko‘p.

Mazkur oila tomorqadan tashqari parrandachilikni puxta o‘zlashtirishgan. Ikki qavat qilib yasalgan kataklarda 13 xil turdagi 50 dan ortiq parranda boqib, munosib daromad olishmoqda. Farzandi Muslimbek bu sohaga qiziqqani uchun internet orqali yangiliklarni topadi. “Uxeyilyuy” zotli qadimiy Xitoy noyob tovug‘i, Hindiston, Turkiya va Ruminiya davlatlaridan keltirilgan “Mramor brama”, “Rangli brama” kabi noyob zotli tovuqlar va ularning tuxumlaridan so‘nggi uch oyning o‘zida 12 million so‘mlik sof daromad topishdi. Mo‘’jaz xonadonda qo‘y va qoramol boqish uchun ham qulay sharoit yaratilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 04 2021 / 14:32