O‘zbekistonda xorijliklarni nomaqbul shaxs deb topish
haqidagi qonun kuchga kirdi
Prezident imzolagan qonun bilan, endilikda davlat
suverenitetiga zid bo‘lgan, O‘zbekiston xalqining sha’ni yoki tarixini
tahqirlagan chet el fuqarolari mamlakatga kiritilmaydi yoki deportatsiya
qilinadi, shuningdek, qator taqiqlarga duchor bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi
tegishli tartibni 1 oy ichida ishlab chiqishi kerak.
Foto: Prezident
matbuot xizmati
15
noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi
bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va
qo‘shimchalar kiritish haqida qonun prezident tomonidan imzolandi.
Unga
ko‘ra, endilikda chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning
O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va
xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy xamda
diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini,
qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlari yoki harakatlari
ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el
fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Ro‘yxatiga kiritish uchun asos
buladi.
Chet
el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni Ro‘yxatga kiritish O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati
Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga
oshiriladi. Ro‘yxat
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki
fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yul
qo‘yilmaydi, shuningdek unga O‘zbekistonda bank hisob-varaqlarini ochish,
O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulkni sotib olish, davlat mulkini
xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga
kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkni begonalashtirish mustasno.
Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan
shaxsning Ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi va uni Ro‘yxatga
kiritishning tegishli asoslarini ushbu muddat ichida bartaraf etmagan taqdirda,
Ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilga uzaytiriladi. Chet el fuqarosining yoki
fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatga kiritilishi uchun asoslar bartaraf
etilganidan keyin shaxs Ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatiga yoxud
uni Ro‘yxatga kiritish haqida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining
iltimosnomasiga asosan muddatidan ilgari Ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki
doimiy yashaydigan chet fuqarosining yoki O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha
turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatga kiritilishi uning mamlakat
hududida qonuniy asoslarda yashash va bo‘lish huquqi bekor qilinishiga sabab
buladi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chet el fuqarosi yoki
fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida mazkur shaxsni
(uning qonuniy vakilini) belgilangan tartibda bevosita yot diplomatik kanallar
orqali 3 ish kuni ichida xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb
topilgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Ro‘yxatga
kiritish xamda uni yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilanadi. Vazirlar Mahkamasi bu tartibni 1 oy muddat ichida
tasdiqlashi lozim.
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki
doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha
turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida
xabarnoma olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston
Respublikasidan chiqib ketishi kerak.
Agar Ro‘yxatga kiritilgan, O‘zbekiston Respublikasida
vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet fuqarosi yoki O‘zbekiston
Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ushbu moddaning
birinchi qismida ko‘rsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston
Respublikasidan chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.
Deportatsiya qilish deganda Ro‘yxatga kiritilgan va
O‘zbekiston Respublikasida yashash va bo‘lish huquqi qonuniy asoslarda bekor
qilingan chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni majburiy tarzda
mamlakatdan chiqarib yuborish tushuniladi.
Agar 18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosining yoki
fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ota-onasidan biri yoxud homiysi yoki vasiysi
O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda yashash huquqiga ega
bo‘lsa, ushbu shaxs deportatsiya qilinmaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki
doimiy yashaydigan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning
Ro‘yxatga kiritilishiga asos bo‘lgan harakatlarida jinoyat yoxud ma’muriy
huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasi hududida
sodir etilgan jinoyati yoki ma’muriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan
tayinlangan jazoni ijro etib bo‘lganidan yoki o‘tab bo‘lganidan keyin yoxud
qonunchilikda nazarda tutilgan xollarda javobgarlikdan yoki jazodan ozod
etilganidan keyin, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga
chiqarib yuboriladi.
Ro‘yxatga kiritilgan, O‘zbekiston Respublikasida
vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosini yoki O‘zbekiston
Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni deportatsiya
qilish ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga
oshiriladi.
Xizmat,
shaxsiy, savdo yoki jamoat ishlari bo‘yicha, o‘qish, malaka oshirish, ishlash
uchun yoki turist sifatida kelgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan
chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari
ularni taklif etgan hamda qabul qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning
zimmasida buladi. Boshqa chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan
shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari ichki ishlar organlarining zimmasida
buladi.
Boshqa
davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosiga va fuqaroligi
bo‘lmagan shaxsga berilgan viza ular deportatsiya qilingan taqdirda, bekor
qilinadi.
Ushbu
qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 11 2024 / 12:54