Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda



Ulashing :



Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.


Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yuksak ishonchga sazovor bo‘lib, Senat a’zosi etib saylanganlarni samimiy muborakbod etdi. Senatorlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot yaratish yo‘lida bor bilim va tajribasini, kuch va salohiyatini ishga solishiga umid bildirdi.
Saylovlar natijasida beshinchi chaqiriq Senatning tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada – ko‘plab yetakchi soha va tarmoqlar vakillari, taniqli siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat namoyandalaridan iborat bo‘lib shakllangani ta’kidlandi.
Senatorlarning har 3 nafaridan biri ilmiy darajaga ega. Qariyb 27 foizi yoki 16 nafari xotin-qizlar ekani oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab berayotgani ta’kidlandi.
Yangi saylangan mahalliy kengashlar tarkibi va maqomiga ko‘ra oldingi holatdan mutlaqo farq qiladi. Ularning tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputat bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.
Ayniqsa, kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgani, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshgani Senat faoliyatini endilikda yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.
Turli mintaqalardagi qonli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, qochoqlar muammolari tobora kuchayib bormoqda.
Mana shunday tahlikali vaziyatda faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olishimiz ta’kidlandi.
Mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib borishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, majlisda Senat raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, Prezident Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga senator Tanzila Narbayeva nomzodini taqdim etdi.
Tanzila Narbayeva davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega ekani, o‘tgan davrda shu lavozimdagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli ravishda yaxshilangani ta’kidlandi.
Shuningdek, Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev, Senat raisining o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay Orinbayev nomzodlari tavsiya etildi.

Ayni paytda majlis davom etmoqda. Senat faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish hamda Prezidentning senatorlar bilan muloqoti boshlandi.





Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

19 11 2024 / 14:38