Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 noyabr kuni meva-sabzavot
yetishtirish, qayta ishlash va eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari
yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan ekin maydonlari
bor. Ularda, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun
xomashyo yetishtirilmoqda. Oxirgi yillarda paxta va g‘alla maydonlaridan 260
ming gektar dehqonchilik uchun ajratilgan. Endi yana 104 ming gektar
berilishi mo‘ljallangan.
Bu yil oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga
ko‘payib, hozirgacha 2 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston o‘rik eksporti
bo‘yicha dunyoda uchinchi, gilos va shaftoli bo‘yicha yettinchi, mosh va boshqa
dukkakli mahsulotlar bo‘yicha o‘ninchi o‘ringa chiqdi. Birgina gilos 16 ta
mamlakatga eksport qilinmoqda.
Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar
va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paygan. Lekin ayrim viloyat va tumanlarda
o‘zgarish sezilmagan.
Masalan, yeri ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatidagi
o‘sish ularning imkoniyatiga mos emas. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida eksport
o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Yurtimizda 5 mingdan ortiq qishloq mahallasi bor. Tuman markazi va
shaharlarda yana 2 mingdan ko‘proq mahalladagi xonadonlar tomorqaga ega. Lekin
atigi mingta mahallaga ko‘chat tarqatilib, mahsulotni sotib oluvchi tadbirkor
biriktirilgan. 26 ta tumanda tomorqa xizmati yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi joylarda
dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgani tufayli mahsulot yo‘qotilgan.
Shu bois har bir mahalla, xonadon va fermer xo‘jaligiga O‘simliklar
karantini va himoyasi agentligi xodimi biriktirilishi belgilandi.
Tomorqa va uylar oldi, mahalladagi ko‘chalar bo‘yi, dala cheti va
kanallar atrofida 650 ming gektar yer bor. Bu ham oziq-ovqat mahsulotlari va
daraxtlar ekish uchun yaxshi imkoniyat. Endi bu yerlarning aniq o‘lchami
tasdiqlanib, Agroplatformaga kiritiladi. Aholi va fermerlar sifatli urug‘
tanlash, dori va o‘g‘itni to‘g‘ri qo‘llash, mahsulotni sifatli saqlashga
o‘rgatiladi.
Bu sa’y-harakatni rag‘batlantirish katta yengilliklar beriladi. Dala
chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qo‘shimcha ball
hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi.
Fermerning barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga
ruxsat etiladi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million so‘mgacha
bo‘lgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi. Dala chetlari hisobi,
yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.
Mahallalardagi ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida 10 million tup
uzum ekish tashabbusi bildirildi. Ular o‘sib, hosilga kirguncha Fermer, dehqon
xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi barcha agrotexnik tadbirlarga
ko‘maklashadi. Mahsulotlarni sotib olish uchun mahallalar eksportchi
korxonalarga bog‘lanadi.
Yig‘ilishda meva-sabzavotlarni qayta ishlash masalasi tahlil qilindi.
Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida karam, lavlagi, piyoz
kabi mahsulotlar dalada qolib ketayapti. Bu yil tarvuzning ham katta qismi
yig‘ib olinmadi. Holbuki, ehtiyojdan ortgan mahsulotni quritib, kukun shaklida
eksport qilish mumkin, bunga qandolatchilik korxonalarida talab katta.
Eksport yil davomida bo‘lishi uchun “shok” usulida muzlatish
texnologiyasi samarali. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat
hokimlariga kelasi yil shunday loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, 10 ta agrologistika markazi, mingdan ortiq sovutkichli
omborxona tashkil etiladi. 40 ming gektardan ortiq sanoatlashgan intensiv
mevali bog‘ va tokzorlar barpo etiladi.
Ma’lumki, jahon bozorida organik mahsulotlar narxi 2-3 barobar qimmat.
Yurtimizda 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat bor,
xolos. Andijon, Jizzax va Xorazmda esa bunday mahsulot yetishtiriladigan
birorta yer yo‘q.
Vaholanki, suv omborlari atrofida pestitsid ishlatilmaydigan 2 ming
gektar yerda ekin yetishtirilayapti. Faqat ularga organik sertifikat olinib,
toza urug‘ va ko‘chatlar ekilsa bo‘lgani.
Shu kabi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilarga 2025 yilda
organik maydonlarni 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga
yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endi organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer
bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. “Organik”, “Global
Gap”, “Halol”, “Kasher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun
tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi.
Bu yil O‘mon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston
mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik
eksporti yo‘lga qo‘yildi. Buni Malayziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab
Amirliklari, Qatar, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropada ham
kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Savdo yarmarkalari tashkil qilish,
fitosanitar ruxsatnoma olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar orqali kelgusi yilda meva-sabzavot
eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, atrof-muhitni asrash masalasiga ham to‘xtalib
o‘tildi. Mutasaddilar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent
viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash loyihalarining borishi yuzasidan
axborot berdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Bu
harakat doirasida har yili bahor va kuzda 200 million tup daraxt va buta
ko‘chatlarini ekish belgilangan. Shu paytgacha vazirlik, idora va hokimliklar
tomonidan 257 ta “yashil bog‘” barpo etilib, ularning soni 517 taga yetgan.
Prezidentimiz bu xayrli ishda davlat tashkilotlari namuna bo‘lishi,
qurilish kompaniyalari ijtimoiy mas’uliyat olishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi. Yil yakunigacha
oz qolgani, belgilangan barcha vazifalarni bajarish natijadorlikni oshirishi
qayd etildi.
Kelgusi yil har bir vazirlik, viloyat va tumandagi ishlarning tizimli
hisobi olib boriladi. Bu elektron platformaga o‘tkazilib, so‘rov ham, maosh ham
shunga bog‘lanadi.
Bosh vazirga ushbu tizimni yo‘lga qo‘yib, ijro intizomi va nazoratini
kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Uza.uz. dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
29 11 2024 / 11:14