Ombudsman to‘g‘risidagi
qonunning yangi tahriri uning vakolatlarini kengaytirdi: endi u ta’sir
choralari — ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma
qo‘llashi mumkin. Ombudsman va uning jamoasi mahkumlar saqlanadigan
joylarga istalgan vaqtda oldindan ogohlantirmasdan tashrif buyura oladi.
Prezident
15-noyabr kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)
to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni imzoladi. Hujjat allaqachon kuchga kirgan. Eslatib o‘tamiz,
avvalgi versiya 2004-yildan beri amalda edi.
Yangiliklar qatorida — ombudsman lavozimiga
nomzodga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Yosh chegarasi 25
yoshdan 30 yoshgacha oshirildi.
Bundan tashqari, bir shaxsning ombudsman lavozimiga
ketma-ket ikki muddatdan ortiq qayta saylanishiga cheklov kiritildi.
Yangi tahrirda ombudsman faoliyatining qonuniylik,
mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik
va ochiqlik tamoyillariga aniqlik kiritildi.
Yangi tahrirdagi eng muhim qo‘shimcha —
ombudsmanga ta’sir choralarini qo‘llash huquqi berilgani.
Ilgari u shikoyatni qabul qilishi, muammo
holatlari bilan tanishishi, shikoyat asosida tergov boshlashi va oxirida
buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan xulosa
chiqarishi mumkin edi.
Endilikda ombudsman ta’sir choralari sifatida ogohlantirish, taqdimnoma,
iltimosnoma va talabnomadan foydalanishi mumkin.
Inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi
qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi ogohlantirish ombudsman
tomonidan tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yozma ravishda e’lon
qilinadi. Ombudsman mansabdor shaxsga ogohlantirish e’lon
qilinganligi to‘g‘risida uning yuqori turuvchi organiga (mansabdor shaxsiga)
xabar qilishga haqli.
Inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi
qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar
va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi ko‘rib chiqilishi majburiy
bo‘lgan taqdimnoma ombudsman tomonidan tashkilotlarning
qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan
rahbarlariga kiritiladi.
Taqdimnoma kechiktirmay ko‘rib chiqilishi lozim
va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ombudsmanga, agar boshqa muddat
belgilanmagan bo‘lsa, 15 kundan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilinishi
kerak.
Harakatlarida (harakatsizligida) inson huquqlari
va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish
to‘g‘risida tashkilotlarga ombudsman tomonidan iltimosnoma kiritiladi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar
saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida
aniqlangan qiynoqqa solish hollarini bartaraf etish hamda ushbu hollarning
oldini olish maqsadida ombudsman tomonidan tegishli tashkilotlarga ko‘rib
chiqilishi majburiy bo‘lgan talabnoma kiritiladi.
Talabnoma tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi lozim
va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ombudsmanga, agar boshqa muddat
belgilanmagan bo‘lsa, 10 kundan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilinishi
kerak.
Yangi tahrirda qiynoqlarning oldini olish
chora-tadbirlariga, jumladan, ombudsmanning o‘zi, uning o‘rinbosari
va mintaqaviy vakillarining erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan
joylariga tashrifini monitoring qilish masalalariga ko‘proq e’tibor
qaratilgan. Ular har qanday vaqtda, hech
qanday to‘sqinliksiz va oldindan ogohlantirmasdan bunday tashriflarni
amalga oshirishi mumkinligi alohida belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, qonunda ombudsman huzurida
qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni
kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish maqsadida jamoatchilik
guruhlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, jamoatchilik guruhlari, qoida tariqasida, inson huquqlari
bo‘yicha milliy institutlar ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari
va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat tarkibda
shakllantiriladi. Bunda jamoatchilik guruhi
a’zolarining kamida qirq foizini ayollar tashkil etishi kerak.
Jamoatchilik guruhlari a’zolari o‘z vazifalarini
bajarishi munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida
guvohlik berishga yoki bu holatlarni biron-bir tarzda oshkor etishga
majbur qilinishi mumkin emas. Bu kafolat
shaxs jamoatchilik guruhi tarkibidan chiqqanidan keyin ham amal qiladi.
Jamoatchilik guruhlari faoliyati bilan bog‘liq
xarajatlar davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Qonun, shuningdek, ozodlikdan mahrum etishga hukm
qilingan shaxslarning ombudsmanga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilish
imkoniyatini ham belgilaydi. Ular jazoni ijro
etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa
va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda
o‘rnatilishi kerak.
Ombudsman qutisi faqat ombudsman yoki uning devoni
xodimlari tomonidan bir oyda kamida bir marta ochiladi. Ombudsman yoki uning
devoni xodimlari ombudsman qutisiga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish
uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga haqli.
O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga muvofiq,
ombudsman bevosita qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘ldi.
gazeta.uz. dan olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
29 11 2024 / 11:34