Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot
mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish
chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda
tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda
oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari shu paytgacha paxta va
g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani,
kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini ta’kidladi.
Qayd
qilinishicha, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha
o‘rinbosarlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida
katta o‘zgarish sezilmayapti. Yeri
boshqalardan ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘sish
ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va
Sirdaryo viloyatlarining eksporti o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetmayapti.
Shuningdek, 64
ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa, shundan 17 tasida 50
foizga ham yetmagan. Hokimlar bugun dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, har
kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida
ogohlantirildi.
Yig‘ilishda dala
chetlariga ekin ekish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Masalan,
Qoraqalpog‘istonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming,
Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan
yotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ba’zi joylarda
dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgan, zararkunandaga qarshi dorilar ham talabga
javob bermaydi.
Shu munosabat bilan
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar,
eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda
oziq-ovqat ekinlarining urug‘i, ko‘chati, dorisi, o‘g‘iti bo‘yicha ishlashning
yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.
Yil yakunigacha
dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni
eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.
Endi tomorqa,
ichki ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda
daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga O‘simliklar karantini va
himoya agentligi mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Viloyat
hokimlaridan ham bu borada so‘rov qattiq bo‘lishi qayd etildi.
Dala chetini
samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qo‘shimcha
ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi.
Fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga
ruxsat beriladi.
Shu bilan birga,
dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani
«e-Fito» portali orqali nazorat qilib boriladi.
Shuningdek, har
bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish,
ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida
10 million tup uzum ekish muhimligi ta’kidlandi.
Sayxunobod
tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika
berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat ko‘rsatsa, o‘zini o‘zi band
qilgan bo‘ladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million
so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Meva-sabzavotni
qayta ishlash Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda respublika
ko‘rsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulug‘nor,
Kegeylida birorta meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yo‘q.
Bunga xalqaro
moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar ishlatilmasdan yotgani, ayrim
hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga e’tiroz bildirildi.
Mutasaddilarga
ushbu mablag‘ni samarali ishlatish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib,
amaliy ishga o‘tish topshirildi.
Eksport yil
davomida bo‘lishi uchun 51 ta tumanda “shok” usulida muzlatish tizimini
yaratish rejalashtirilgan edi. Lekin bunday loyihalarni qilaman degan 76 ta
tadbirkorning 20 tasiga yer ajratish masalasi hal bo‘lmagan.
Qishloq
xo‘jaligi vazirligiga keyingi yilda 76 ta shunday loyihani to‘liq ishga
tushirish topshirildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
29 11 2024 / 15:41