Prezidentga
Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Kelasi yilda
viloyatga 3,7 mlrd dollar investitsiya jalb etish, eksport hajmini 1,5 mlrd
dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Tojikiston bilan chegaradosh Beshariq
tumanida Termizdagi kabi savdo-logistika markazi qurilishi boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya muhiti va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
So‘nggi 7 yilda sanoat korxonalari qariyb 3 barobar
ko‘payib, 13 mingtaga yetgan. Investitsiya loyihalari natijasida 116 mingta ish
o‘rni yaratilgan.
Bu yil 10 oyda xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5
milliard dollarni, eksport ko‘rsatkichi 910 million dollarni tashkil qildi.
Yig‘ilishda prezident investitsiya, ish o‘rinlari
va eksportni ko‘paytirish imkoniyatlarini ta’kidladi.
Yaqinda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri
hisobidan 210 gektarga kengaytirildi. Bu hududda
umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyihani joylashtirib, qariyb
12 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. Shuningdek, Qo‘qonda 71 gektarda texnopark
tashkil etilishi birinchi bosqichda 900 million dollarlik, 5 ming ishchilik
korxonalarga yo‘l ochadi.
Xitoylik ishbilarmonlar bilan 1 milliard dollarlik,
Janubiy Koreya bilan 240 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga
erishilgan. Ularni amalga oshirish uchun viloyat tuman va shaharlarida 1
ming 210 gektarda sanoat zonalari tashkil qilishga zarurat bor. Bo‘lajak
korxonalarda 30 ming kishi, jumladan, kambag‘al oila vakillari ish bilan
ta’minlanadi.
Tojikiston bilan chegaradagi Beshariq tumanida savdo-logistika markazi
qurilishi boshlangan. U, xuddi Termizdagidek, erkin savdo zonasiga aylantirilib, do‘konlar tadbirkorlarga ijaraga
beriladi. Buning samarasida viloyat eksporti qo‘shimcha 50 million dollarga,
ish o‘rinlari esa 2 mingga ko‘payadi. Shunday majmuani Quvasoy shahrida ham
qurish mumkin.
Qishloq xo‘jaligi sohasida Farg‘onada aholi ixtiyorida,
yo‘l va dala chetlarida, suv va o‘rmon fondida jami 91 ming gektar yer
mavjud bo‘lib, yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ulardan unumli foydalanib,
mahsulotlarni hamda qayta ishlashni ko‘paytirish zarur.
Masalan, Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada
yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa,
tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yib,
qo‘shilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir
tashabbuskor So‘xdagi o‘rmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50
gektarda za’faron yetishtirmoqchi, deyiladi xabarda.
Oltiariqdagi ikkita nasos stansiyasiga 9 kilometr
quvur tortib, quvvatini oshirish orqali 1 ming 400 gektarda intensiv bog‘ qilsa
bo‘ladi. Unda qo‘shimcha 55 ming tonna eksportbop meva yetishtiriladi.
Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish
bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, kelgusi
yilda 3,7 milliard dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1,5 milliard
dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Vazifa — 500 ming fuqaroning bandligini
ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish.
Davlat rahbari bu takliflarni takomillashtirib,
viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qaror tayyorlashga ko‘rsatma
berdi. Eksportchilarga barcha qulayliklarni yaratish, bandlikka ko‘maklashib,
ishsizlikni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. Hokimlar va boshqa
mutasaddilarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish shartligi belgilandi.
газета.уз. dan olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 12 2024 / 15:10