Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik kodeksi loyihasining navbatdagi muhokamasi bo‘lib o‘tdi



Ulashing :


Tadbirkorlik kodeksi loyihasining navbatdagi muhokamasi bo‘lib o‘tdi

2021 yil 16 aprel kuni soat 10:00da O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi - O`zLiDeP hamkorligida Tadbirkorlik kodeksi loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu davra suhbati Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi - O`zLiDeP, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-Ombudsman) va O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan tashkil etildi.

Tadbir ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-Ombudsman), O‘zbekiston Respubikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kamag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat sodiq qo‘mitasi, Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolarini o‘rganish instituti, Oliy Sudi huzuridagi Sudyalar Oliy maktabi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Oliy ta’lim va ilmiy–tadqiqot muassasalari ekspert-olimlari, tadbirkorlik va fermerlik sub’ektlari vakillari taklif etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida keltirilgan mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan biznes sohasidagi islohatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, jumladan amaldagi 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularning sonini qisqartirish va bular natijasida takomillashgan yagona hujjat - Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqishga oid ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ma’lumki, bundan 4 yil oldin mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishlar o‘tkazishga moratoriy e’lon qilingan edi. Buning natijasida o‘tgan davr mobaynida respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning soni ikki barobar ko‘payib, 400 mingdan oshib ketdi. Shulardan kelib chiqqan holda, davlatimiz rahbari moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etdi.

Shu bilan birga, bozorda teng raqobat muhitini yaratish va zamonaviy texnologiyalar asosida o‘z faoliyatini yuritayotgan halol-pok tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususan ularning faoliyatini huquqiy jihatdan himoya qilish mexanizmlarini joriy etish masalalariga ham hukumat tomonidan alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Aytish joizki, so‘nggi to‘rt yil mobaynida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha 150 ta qonun, 5 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi. Lekin joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratmoqda, deb ayta olmaymiz.

Shu bois, barcha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini huquqiy nuqtai-nazardan tartibga solish, mamlakatda biznes sohasining qonuniy asoslarini mustahkamlash kabi maqsadlarni o‘zida mujassamlashtirgan yagona normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va keng muhokama asosida qabul qilish hamda sohaga joriy etish bugungi davr talabi ekanligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qolmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155- son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 3.8 bo‘limi (Xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantiriishni ta’minlaydigan ishbilarmonlik muhitini yaratish) 84-bandida Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Loyihada:

-tadbirkorlik tushunchasi, tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish, shuningdek, ularni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi;

-tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati ustidan davlat nazoratining huquqiy asoslari;

-tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantiruvchi normalar;

-tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari;

-tadbirkorlarning huquq va majburiyatlari;

-tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining shaffofligini oshirish, korrupsiya bilan bog‘liq omillarning shakllanishini oldini olish, tartib va qoidalarni yanada soddalashtirish hamda takomillashtirish kabi yo‘nalishlar o‘z aksini topgan.

Davra suhbatida ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar va xulosalardan kelib chiqqan holda, xususan ushbu masalaga oid Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish yuzasidan tadbir ishtirokchilari tomonidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan:

- tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish;

- soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish;

- xususiy sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish;

- tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik va norma ijodkorligida yangicha yondashuvlarni joriy etish;

- tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini to‘liq amalga oshirish va himoya qilish, kafolatlash hamda haqiqiy ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish;

- davlat organlarining (ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarining) tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish va b.

Shunday qilib, tadbirkorlik faoliyatini maqsadli tartibga solishning adolatli asoslari hamda aniq mezonlarini vujudga keltirish, tadbirkorlik faoliyati erkinligining qonuniy kafolatlarini belgilash, davlatning iqtisodiyotga asossiz aralashishining oldini olish bo‘yicha normalarning belgilanishi - tadbirkorlik sub’ektlariga haqiqiy adolatli iqtisodiy va moliyaviy erkinlikni taqdim etadi. Bunday erkinlikning huquqiy asoslari esa faqatgina qonun darajasida va albatta, tadbirkorlik kodeksida belgilab qo‘yilishi lozim. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishga nisbatan yagona shaffof va demokratik yondashuvlarning joriy etilishiga olib keladi.


Abdurahim Mamadjanov
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni
qo‘llab-quvvatlash markazi eksperti





Sarlavxa :
Iqtisodiyot

21 04 2021 / 11:33