Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi



Ulashing :


“Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Mazkur hujjatga muvofiq, joriy yilda aholi salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilanadi. Respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi.

2025 yil 1 martgacha to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishning inson salomatligiga foydasini targ‘ib qilishni kuchaytirish dasturi ishlab chiqiladi.

2025 yil 1 avgustgacha oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoring qilish maqsadida idoralararo yaxlit Milliy axborot platformasi ishlab chiqiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

10 02 2025 / 16:39