“Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, aholini
tadbirkorlikka jalb qilish, aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash hamda Ijtimoiy
himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar
a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni
xarid qilishga ajratiladigan subsidiyalar o‘rniga foizsiz ssuda ajratish
tizimini joriy etiladi.
Aholi tomonidan qiziqish
bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past
bo‘lgan subsidiyalar bekor qilinadi hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalar
birlashtiriladi.
Mahallalarning ixtisoslashuvi
va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, kambag‘al oilalarga tadbirkorlik
hamda dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun grant va foizsiz ssudalar
ajratiladi.
2026 yil 1 yanvardan aholiga
naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy
karta orqali ajratiladi.
2025 yil 20 martgacha
Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Subsidiya, ssuda
va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi
tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra,
"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturida belgilangan
vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi yangi turdagi moliyaviy yordamlar
joriy etiladi:
— ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga ular tomonidan
tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq
loyihalar amalga oshirilishi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10
baravarigacha miqdordagi subsidiyalar;
— o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarni yoki kambag‘al oilalar
a’zolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlarga ularning aylanma
mablag‘larini to‘ldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun BHMning 10
baravarigacha miqdordagi 3-yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
— kambag‘al oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan
asbob-uskunalarni xarid qilishga BHMning 50 baravarigacha miqdordagi 6 oydan 3-yilgacha
muddatga foizsiz ssudalar;
— kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil qilish uchun dehqon
xo‘jaliklariga suv quduqlarini burg‘ilash, nasos agregatlarini sotib olish,
tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va elektr tarmoqlarini tortish uchun 6
oylik imtiyozli davr bilan BHMning 200 baravarigacha miqdordagi 5-yilgacha
muddatga foizsiz ssudalar;
— mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘z
tajribasini 10 tagacha kambag‘al oilalarga o‘rgatgan va ularga doimiy daromad
manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashgan tadbirkorlarga har bir kambag‘al oila
uchun BHMning 3 baravari, biroq BHMning 30 baravarigacha miqdordagi grantlar.