Prezident
bilan muloqotdan so‘ng...
Pulingizni
biror mulk yoki buyum sotib olishga yo‘naltirsangiz natijasini o‘sha zahoti
ko‘rasiz. Farzandning kelajagi, uning o‘qib-o‘rganishi uchun sarflangan pul esa
hech qachon birdaniga samara bermagan. Qani deyilsa, mana deb bo‘y
ko‘rsatadigan ishlarga xarajat qilish shunisi bilan yoqimli.
Moddiy
rag‘bat o‘z yo‘liga, lekin oramizda bolasining maktabda qanday o‘qiyotganiga
e’tibor bermaydiganlar bor. Unday toifadagilar bu ish uchun vaqt ajratmaydi.
Vaqt esa pul degani. So‘zimiz boshidayoq tug‘ilgan xulosa oddiy, bolani
qiziqishlari bo‘yicha yo‘naltirish, uni rag‘batlantirish ham kelajakka
sarmoyaning bir turi.
Quyida
davlat rahbarining yoshlar kamoloti yo‘lida ham ma’naviy rag‘bat, ham iqtisodiy
qo‘llab-quvvatlashi uyg‘unlashgan qarorlari haqida qisqacha to‘xtalamiz.
Ko‘ksaroy
qarorgohida 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz
yoshlari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning ertasi egalari
kelajagiga daxldor juda ko‘plab aniq rejalar, loyiha va takliflar bildirildi.
Bu uchrashuvda tashabbuskor va ilmga chanqoq yoshlarning yuragiga olov
tashlandi deyish mumkin.
Prezident
o‘sha muloqotda yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan
uchta muhim hujjatga imzo chekkanini e’lon qildi.
Dastlabki
hujjatga ko‘ra, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish
jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaga esa yuz million dollar mablag‘
ajratildi.
Bu nimani
anglatadi? Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar
beriladi. Yoshlarning startap loyihalariga esa 2 milliard so‘mgacha investitsiya
kiritiladi.
Navbatdagi
qaror haqida gapirishdan oldin bir statistikani keltirib o‘tish lozim. Bugungi
kunda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarini tugatayotgan 90 ming nafar
yosh mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda. Bu oddiy raqam emasligi
esa oldimizga ushbu masalani hal qilish choralarini ko‘rish talabi muhimligini
yana bir bor anglatadi.
Ikkinchi
qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim
yaratilmoqda. Buning uchun esa Milliy bankka 100 million dollar resurs
beriladi. Bank esa mas’ul vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda
bitiruvchilarning tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha
xizmatlar paketlarini joriy etadi.
Mablag‘ni
yo‘naltirish bilan ish yakuniga yetmaydi. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash
bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.
Komissiya esa ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga
yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi. Xullas, barchasi ma’lum tizimda
ketadi.
– Davlatimiz rahbari imzolagan
uchinchi hujjatga ko‘ra, bankimiz yoshlarning biznes loyihalarini
qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantiriladi, – deydi “Aloqabank”
boshqaruvi raisi Kammuna Irisbekova. – Endi biz “yoshlar banki”ga aylandik. Buning uchun 200 million dollar ajratildi. O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar
loyihalari uchun 100 million so‘mgacha yetti yil muddatga imtiyozli mikroqarz
ajratiladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar
yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh
tadbirkorlarga yetti yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit
beriladi. Bu yo‘nalishdagi kreditlarining kamida o‘ttiz foizi xotin-qizlar
tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi. Bu mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish,
kutilgan natijani olish juda muhim. Rosti, shu mas’uliyat hissi boshida biroz
o‘ylantirganday bo‘ldi. Lekin yoshlarimizning davlatimiz rahbari bilan
muloqotdagi shijoati, istiqbolli rejalari kishini to‘lqinlantirib yubordi.
Prezidentimiz qo‘ygan vazifa va topshiriqlar ijrosini bu g‘ayratli
o‘g‘il-qizlar bilan a’lo darajada bajarishga ko‘zimiz yetadi.
Endi
hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinadi. Bunda g‘oyalar
startapga aylantiriladi. “Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali esa startaplarga 50
mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritiladi. Mahsulot va xizmatlarni ichki
va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar
jalb qilishga ko‘maklashiladi.
Bu uch
hujjat qanchadan-qancha yoshlarimizning porloq kelajagini kafolatlaydi. Muloqot
esa jamiyatda izlanuvchan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlar sonini yanada orttirishga
xizmat qiladi.
Qovunning
qovundan rang olishini yoshi ulug‘larimiz ko‘p eslashadi. Hamsuhbatlaring
kimligini bilay, sening qandayligingni aytaman deydilar. Xalq donishmand, el
hamisha bilib aytgan.
Ikrom
AVVALBOEV,
O‘zAdan
olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 02 2025 / 15:48