Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“O‘zbekistonda xorijiy grant oluvchilar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmaydi” — NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi rahbari



Ulashing :


Oliy Majlis huzuridagi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekistonda xorijiy grantlar to‘xtatilishidan jabr ko‘rgan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Jamg‘arma rahbari bu haqda AQShning yangi ma’muriyati USAID’ning xorijiy yordamini to‘xtatgani haqidagi xabarlar fonida ma’lum qildi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, xorijiy grantlar oluvchilar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmaydi. Bu haqda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanov ma’lum qildi.

U Sevimli telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, AQShning yangi ma’muriyati USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) grant dasturlarini moliyalashtirishni “muzlatib qo‘ygani” oqibatida O‘zbekistondagi bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalari to‘xtab qolgan.

“Biz ularni oldin ham, hozir ham, kelgusida ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashga, loyihalarini davom ettirish uchun zarur barcha imkoniyat, shart-sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Shu bilan birga, 2025-yilda xorijiy grantlar bilan muammo bo‘layotgan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda moliyalashtirishga tayyormiz. Men barcha nodavlat notijorat tashkilotlarini fondimiz tomonidan e’lon qilinayotgan davlat grantlari, davlat ijtimoiy buyurtmalarida faol ishtirok etishga chorlab qolaman”, — dedi Xusanov.

Ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kuni, 20-yanvarda Donald Tramp o‘nlab hujjatlar qatorida tashqi yordamni 90 kunga muzlatib qo‘yish va uni taqdim etish tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 1-fevral kuni USAID sayti yopildi, 3-fevralda esa Oq uy saytida USAID “isrofgarchilik va suiiste’mollikda” ayblangan bayonot paydo bo‘ldi. Biroq unda keltirilgan “dalillar” — jumladan, besh marta Daily Mail maqolasiga (bu nashr ko‘pincha ishonchsiz materiallari bilan tanilgan) va Breitbart (noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatadigan ultrao‘ng nashr) saytiga berilgan havolalar — nufuzli OAV tomonidan darhol shubha ostiga olindi.

Avvalroq “Gazeta.uz” USAID’ning O‘zbekistondagi sobiq yuqori lavozimli amaldori bilan suhbatni e’lon qilgan edi. Tashkilotning O‘zbekiston bilan hamkorligi 1993-yilda boshlangan. O‘shandan beri USAID mamlakatdagi millionlab fuqarolarning hayotini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 600 million dollar sarmoya kiritgan.

«газета.uz»dan olindi


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

03 03 2025 / 10:20