Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya nafaqat islohotlar samaradorligiga to‘siq bo‘lmoqda, balki hokimiyat va davlatga ham ishonchsizlik keltirib chiqaryapti. So‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim va muhit yaratildi.
Fraksiya a’zolari davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar xususida to‘xtalar ekan, tarbiyaga alohida e’tibor berish, jumladan, maktablarda “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi bejiz ta’kidlanmaganini qayd etdilar.
– Bolalikdan birovning haqqidan qo‘rqishni o‘rgatish – ajdodlar o‘giti va bu masalaning fundamental yechimi, – dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan bir qator qonun loyihalari ham muhokama qilindi. Ayniqsa, fraksiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunlarga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga bir qator qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning Konstitutsiya va qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun davlat organlarining mansabdor shaxslariga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyev mazkur qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan yangiliklar haqida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Deputatning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarning qonuniy huquqlari va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, ularning faoliyat erkinligi kafolatlarini va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, hujjatdagi ayrim normalar bo‘yicha bir qator takliflar berishdi. Ushbu takliflar loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash va takomiliga yetkazish jarayonida inobatga olinadigan bo‘ldi.
Savol-javoblar va muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
12 03 2025 / 17:24