“O‘zbekiston
Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar
kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan nodavlat notijorat
tashkilotlarining Konstitutsiya va qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi
kafolatlarini yanada mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish
borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda.
2017–2024 yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita
qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta
normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash
uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi.
Bu borada Prezidentimiz: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin
faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun
zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida
bo‘ladi", – deb alohida e’tirof etdilar.
Hozirda nodavlat notijorat tashkilotlarining Konstitutsiya va
qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash
maqsadida ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun
davlat organlarining mansabdor shaxslariga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, NNTlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur
sohadagi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari sezilarli darajada
kamaytirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan va
jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan
nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda
aralashish bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha
miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini va jamoatchilik nazorati sub’ektlari
tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha
bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma shaklida yoxud qonunchilik hujjatlarida nazarda
tutilgan boshqa shaklda tayyorlangan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda
ko‘rib chiqmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan
besh baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi yangi
moddalar kiritilmoqda.
Shu jumladan, Kodeksning 239-moddasida belgilangan NNTlarning
davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritishi, moliyaviy hisobotlarni taqdim
etmaslik yoki qonuniy cheklovlarni buzish kabi huquqbuzarliklarga nisbatan
qo‘llaniladigan jarimalar miqdori sezilarli darajada kamaytirilmoqda.
Nodavlat notijorat tashkilotlari
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi hisoblanib, davlat
tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy va iqtisodiy
islohotlar amalga oshirililishi NNTlar faoliyatining huquqiy asosini
yaxshilashga hamda ularning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ta’sirchan jamoatchilik
nazoratining vujudga kelishini ta’minlash bilan birga, mamlakatimizda amalga
oshirilayotgan demokratik islohotlardan nodavlat notijorat tashkilotlari ham
chetda qolmayotganining yorqin isboti bo‘ladi.
Otabek
Xusanov,
Oliy
Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 03 2025 / 12:34