Prezidentimizning 2021 yil 1 fevralda “Qishloq xoʼjaligi mashinasozligi tarmogʼida sogʼlom raqobat muhitini yaratishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, qishloq xoʼjaligi mashinasozligi tarmogʼida faoliyat yurituvchi mahalliy qishloq xoʼjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchilar mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlarni import qilishda belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʼyxatlar boʼyicha 2022 yil 1 yanvargacha bojxona toʼlovlari (QQS va bojxona yigʼimidan tashqari)dan ozod qilinadi.
Qishloq xoʼjaligi texnikasini ishlab chiqarish va unga servis xizmatini koʼrsatish uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilishda tovarlar erkin muomalaga (importga) chiqarishning bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kun kechiktirib toʼlashi mumkin.
Shuningdek, import qilinadigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar roʼyxatlari va ularga tuzatishlar imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi hamda ular yuzasidan “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy xulosasi olingan taqdirda, import qiluvchi har qanday tashkilotlar roʼyxatda koʼrsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega boʼladi.