rezident Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni
ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, mahallalar obodligi va qishloq xo‘jaligi
bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Qayd qilinishicha, oqova tarmog‘ini
kengaytirish uchun budjetdan har yili trillionlab mablag‘ sarflanmoqda. Lekin
shunga qarab qolmasdan, sohaga xususiy sektorni kengroq jalb qilish zarurligi
ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, mahalliy tadbirkor Osiyo taraqqiyot banki
ishtirokida Olmaliq, Bekobod, Angren va Chirchiq shahrida oqova suv tozalash
inshootlarini quryapti. Yana bir tadbirkor Andijondagi ikkita tumanda suv va
oqova xizmatlarini xususiy boshqaruvga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shu kabi
xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish, yirik korxonalarning xalqaro
tenderlarda qatnashish imkonini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro moliya institutlari
ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha
qaror qabul qilindi. Endi tenderlarni tezlashtirib, yil yakunigacha 850 million
dollarlik ishlarni bajarish topshirig‘i berildi.
Yana bir muhim vazifa – sohani
raqamlashtirish. Buning uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb
qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4
ming 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 ming 800 ta telemetriya tizimi o‘rnatish
ko‘zda tutilgan. Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib,
hisoblagich ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularga xizmat ko‘rsatishni
bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Issiqlik ta’minoti tabiiy gaz eng ko‘p sarflanadigan
sohalardan biri. Keyingi besh yilda issiqlik tizimlarini tiklash uchun 19
trillion so‘m yo‘naltiriladi. Markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37
foizdan 58 foizga yetadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi
vazirligiga ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya
samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi. Qayd etilganidek, 9 mingta
uy-joy va binolar yopiq isitish tizimiga o‘tkaziladi. Natijada issiqlik
yo‘qotilishi 2 barobar, gaz iste’moli 20 foizga kamayadi.
Yig‘ilishda bahorgi ekish tadbirlariga
ham to‘xtalib o‘tildi. Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning
soddalashtirish choralari belgilandi. Endi qishloq yerlarini auksionda
bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning
qiymati keyingi savdolarda kuniga 10 foizdan pasaytiriladi. Takror auksionda
bitta ishtirokchi qatnashsa ham, g‘olib hisoblanadi. Yerning 10-20 foizi chorva
uchun ozuqa ekishga chiqariladi.
Hozirda 93 mingdan ziyod fermerlar
faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanyapti. Endi bu reyting
hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi kabi mezonlar bo‘yicha alohida
bo‘lishi ma’lum qilindi.
Yer solig‘i 3 barobar, fermerlar
kengashiga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytiriladi. Paxta va g‘allada
me’yordan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot,
dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat beriladi.
Prezident farmoyishi bilan e’lon
qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda olib borilayotgan
dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari haqida axborot berildi.
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi
mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilash
muhim ekani ta’kidlandi. Jumladan, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda geomembrana
qoplamali hovuzlar barpo etiladi.
O‘tgan yili tajriba tarzida 208 ta
mahallada “mahalla-servis” kompaniyalari tashkil qilinib, aholiga 23 turdagi
xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan edi. Endi bu tizim kengaytirilib, yana
mingta shunday kompaniya tuziladi. Xizmatlar turi ham kamida 30 taga
yetkaziladi. Xitoy tajribasi asosida 5 ming kishi mahallaga xizmat ko‘rsatish
bo‘yicha o‘qitiladi va 15 ming aholining bandligi ta’minlanadi.
Bu yildan 208 ta tuman va shahar
obodonlashtirish bo‘limlari tarkibida ichki yo‘llarni saqlash uchastkalari
tashkil qilindi. Ularga qo‘shimcha 5 turdagi maxsus texnika sotib olish uchun
700 milliard so‘m ajratildi. Mutasaddilarga ichki yo‘llarni ta’mirlash,
mahallalarda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
kun.uz.dan
olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 03 2025 / 13:55