"Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini
oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesni
rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi,
jumladan:
— kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi
ulushini 55 foizga, sanoatda – 34 foizga, eksportda – 34 foizga va aholi
bandligini ta’minlashda 75 – foizga yetkazish;
— kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes
sub’ektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni
"chempion" tadbirkorlarga aylantirish;
— 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik
sub’ektlari sonini 4 mingga yetkazish.
2025 yil 1 maydan:
— o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar YATT yoki yuridik
shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
— o‘z faoliyatini tegishincha YATT, mikrofirma yoki
kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va
tadbirkorlarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50
million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi
doirasida – 150 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi;
— o‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes
toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida QQS summasi
o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga
oshiriladi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida
quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
— 2025 yil 1 iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn
rejimda mikrokredit ajratish jarayonlarini soddalashtirish va ularni tezkor
tasdiqlash mexanizmlari;
— kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks
dasturi doirasida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni
ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ushbu fuqarolar
uchun tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 million
so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan sub’ektlarga
100 million so‘mgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14 foiz stavkada aylanma
mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratish amaliyoti.
Dastur doirasida "chempion" tadbirkorlarga
aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi
mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari kiritiladi:
— tuman (shahar) darajasida – har bir tuman (shahar)da
kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan
ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahrida –har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard
so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik
sub’ektlari;
— respublika darajasida – yillik aylanmasi 1 trillion
so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik
sub’ektlari.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan:
— 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes
sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi;
— tadbirkorlik sub’ektlariga yangi tartibga solish
vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi
normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan "yagona sanadan yangi qoidalar"
tamoyili qo‘llanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1 yanvar yoki 1
iyul etib belgilanadi;
— 2028 yil 1 yanvarga qadar "Birinchi
imkoniyat" tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat
yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk
bor sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod
etiladi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir
vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining
faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
— oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni)
realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;
— byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud
bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
— "Xavfni tahlil qilish" elektron tizimida
huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat
ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklari hamda venchur jamg‘armalar
bilan birgalikda 2026 yil 1 aprelga qadar xorijdan 50 million AQSH dollari
miqdoridagi mablag‘larni jalb qilishi belgilangan.
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
26 03 2025 / 11:44